add

Bir qator ichki ishlar organlari xodimlari pora bilan ushlandi

11.08.2025 | 22:3030535

Ular 400 dollardan tortib 13 ming dollargacha miqdordagi porani olganlikda ayblanmoqda.

Bir qator ichki ishlar organlari xodimlari pora bilan ushlandi
Buxoro, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ichki ishlar xodimlari turli maqsadlarda pora olgani uchun ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limining ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishini gumonlanuvchiga nisbatan bo‘lgan qismini tugatishda yordam berish evaziga 13 ming dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda xodim ushbu pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo‘riqlash boshqarmasi Angren shahar bo‘limi safdor xodimi bo‘linma komandiri o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda mansabdor tanishlari orqali Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni Qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda safdor xodim oldindan 1000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shu bilan birgalikda, IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti Toshkent xalqaro aeroportiga pasport-viza bo‘limi katta inspektori mansab vakolatidan foydalangan holda voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqish biometrik pasportiga uni xorijga olib chiqib ketayotgan fuqaroga hamroxlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Bu ishi evaziga u 400 dollarni pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida katta inspektor 2025 yilning boshidan hozirgi kunga qadar O‘zbekistonda bo‘lib turgan 42 nafar chet el fuqarosining har biridan 300-700 dollar miqdoridagi pulni olgan hamda ularga chiqish vizasini, 8 nafar O‘zbekiston fuqarosiga esa hamroxliq qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 200-400 dollar miqdordagi pulni pora sifatida olgan holati ham aniqlangan. «Hozirda ushbu qonun himoyachilariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid