add

Bir talabani mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga qancha pul sarflayotgani aytildi

08.08.2025 | 16:3042974

Prezident yig‘ilishida bitiruvchilarning ishga joylashishidagi muammolar, kadrlar yetishmovchiligi va oliygohlar moliyaviy samaradorligi muhokama qilindi.

Bir talabani mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga qancha pul sarflayotgani aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Suhbatda oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 42 foizga yetganiga qaramay, kadrlar tayyorlash tizimi real bozor ehtiyojlariga mos emasligi ta’kidlandi. Misol tariqasida, yiliga 20 ming avtomobil ishlab chiqarayotgan «BYD» zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud, ularning asosiy qismi robototexnika va robot dasturlash muhandislariga tegishli. Kadr yetishmovchiligi tufayli zavodda 80 nafar xorijlik mutaxassis ishlamoqda. Korxona to‘liq quvvatga o‘tgach, yiliga 500 ming avtomobil ishlab chiqarish rejasi bor va buning uchun 4 ming oliy malakali kadr talab etiladi. Yig‘ilishda 83 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari yaqin 3–4 yilda 500 mingga yaqin kadr ehtiyojini yuzaga keltirishi aytildi. Biroq ayrim yo‘nalishlarda, masalan yengil sanoatda, bitiruvchilarning 42 foizi zamonaviy uskunalarda ishlash ko‘nikmasiz bo‘lgani uchun ishga joylasha olmayapti. Prezident hisobotlardagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu yilgi 231 ming bitiruvchidan 125 mingi ishli deb qayd etilgan bo‘lsa-da, ularning 42 mingi o‘zini o‘zi band qilgan. Har bir talabani tayyorlash uchun davlat yiliga 25–30 million so‘m sarflayotgani, ammo yarmidan ko‘pi past malakali ishlarda band ekani qayd etildi. Yig‘ilishda qirqta oliygohning moliyaviy mustaqillikka ega bo‘lgani samara bergani, ayniqsa iqtisodiyot, huquq, tibbiyot, tillar va pedagogika yo‘nalishlarida mablag‘ yetarliligi aytildi. Biroq qishloq xo‘jaligi, muhandislik va STEM sohalaridagi ayrim oliygohlar hali ham yetarli samara ko‘rsata olmayotgani ta’kidlandi. Prezident «tarmoq–korxona–oliygoh» zanjirini jadal yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.

Teglar

Mavzuga oid

Bir talabani mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga qancha pul sarflayotgani aytildi | Vaqt.uz