
Birja savdolarida ikki tomonlama auksion tartibi tasdiqlandi
21.05.2025 | 12:1539203
O‘zbekistonda zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish doirasida ikki tomonlama qarama-qarshi auksion orqali savdolar o‘tkazish tartibi rasman tasdiqlandi. Bu usul real narx shakllanishi va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2024 yil 11 aprelda qabul qilingan 220-sonli qarorga asosan, mamlakatda tovar-xom ashyo birjalarida ikki tomonlama qarama-qarshi auksion orqali birja savdolarini o‘tkazish tartibi belgilandi.
Mazkur qaror «Zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish orqali birja savdolarida narxlar o‘zgarishining oldini olishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» deb nomlangan bo‘lib, unda bozor kon’yunkturasini hisobga olgan holda real narxni shakllantirish, sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash kabi masalalarga e’tibor qaratilgan.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, endilikda yuqori likvidli va monopol mahsulotlar uchun ikki tomonlama auksion mexanizmi joriy etiladi. Bu esa xaridor va sotuvchi o‘rtasida shaffof va samarali savdo jarayonini ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarorga ham o‘zgartirishlar kiritilib, sotilmay qolgan mahsulot hajmlarini takroran birja savdosiga qo‘yish, boshlang‘ich narxni qayta ko‘rib chiqish va past narxda buyurtmalar qabul qilish imkoniyatlari yaratildi.
Ikki tomonlama auksion vositasidagi savdolarni joriy etish, ayniqsa, monopol bozor ishtirokchilari faoliyatini nazorat qilish, narx manipulyatsiyasiga chek qo‘yish va mahsulot aylanmasida qonuniylikni ta’minlashda muhim mexanizm sifatida baholanmoqda.





