
Birjada un narxida sezilarli pasayish kuzatildi
O‘tgan hafta davomida o‘tkazilgan birja savdolari avvalgi haftaga nisbatan biroz ko‘paygani ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan hafta, 10–16-noyabr kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 34 860 ta bitim tuzilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 3,5 foizga ko‘p. Bu haqda birja axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu bitimlarning 35,6 foizi birja savdolariga, qolgan 64,4 foiz qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, bu davr mobaynida ochiq birja savdolari orqali 12 393 ta bitim tuzildi.
Birja savdolarida o‘tgan hafta 10 637 tonna un sotildi. Bir tonna unning kunlik o‘rtacha narxi 4 mln 94,2 ming so‘mdan 3 mln 974,8 ming so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 118 nafar xaridor ishtirok etdi.
Shu bilan birga, birja savdolariga 3 485 tonna polietilen qo‘yildi va undan 3 371 tonnasi sotildi. Bir tonna polietilen kunlik o‘rtacha narx 16 mln 52,3 ming so‘mdan 16 mln 10,7 ming so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 74 nafar xaridor ishtirok etdi.





