
Bitkoin 85 ming dollargacha tushdi, kriptobozorda likvidatsiyalar kuchaymoqda
Bitkoin narxi 85 300 dollargacha pasaydi. So‘nggi haftada u 11,8 foiz yo‘qotdi. Cardano va Ethereum ham jiddiy ravishda arzonlashmoqda.

2025 yil 21-noyabr kuni kriptobozorda yana bir keskin pasayish kuzatildi. Bitkoin narxi kun davomida 85 338 dollargacha tushdi va yozilayotgan paytda 85 805 dollar atrofida savdolanmoqda. Kunlik yo‘qotish — 7,27 foizni, haftalik yo‘qotish esa 11,86 foizni tashkil etmoqda.

Ethereum ham o‘xshash ssenariyni boshidan kechirmoqda: uning narxi 2805 dollargacha tushdi, bir kunda 7,5 foiz, bir haftada esa 11,83 foiz qiymatini yo‘qotdi.

Bozordagi eng ko‘p kapitalizatsiyaga ega boshqa kriptovalyutalar ham «qizil zona»ga tushib qolgan. Cardano esa so‘nggi haftada 17,89 foizga arzonlashib, eng katta yo‘qotishni ko‘rsatdi.

CoinGlass ma’lumotlariga ko‘ra, bir kunda 955 mln dollarlik likvidatsiya yuz berdi, 252 ming treyder yo‘qotishga uchradi. Ushbu likvidatsiyalarning katta qismi —836 mln dollar long-pozitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng katta zarar bitkoin (469,57 mln dollar) va Ethereum (210,67 mln dollar) savdolarida qayd etildi.
CryptoQuant tahlilchilari bitkoin 87 500 dollar darajasidagi qo‘llab-quvvatlash chizig‘igacha pasayishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ular bozordagi tushkunlik holati, likvidlik yetishmovchiligi va FRSning aniq siyosat yetishmasligini turbulentlik sababi sifatida ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, ba’zi ekspertlar vaziyatni imkoniyat deb baholamoqda. CNBC telekanaliga intervyu bergan BitMine rahbari Tom Li va Bitwise investitsiya direktori Mett Hougan bu hafta bitkoindagi pasayish to‘xtab, tiklanish boshlanishini kutayotganini bildirdi. Ular buni «avlod imkoniyati» deb baholashdi.





