
Bitkoin eronliklar uchun najot: kriptobozor 7,8 mlrd dollarga yetdi
Sanksiyalar va inqiroz sharoitida eronliklar kriptovalyutani ham omon qolish, ham qarshilik vositasiga aylantirmoqda.

2025 yil yakunida Eron kriptoekotizimi hajmi 7,78 mlrd dollarga yetdi va bu mamlakat moliyaviy tizimida mutlaqo yangi voqelik shakllanayotganini ko‘rsatdi. «Chainalysis» hisobotiga ko‘ra, raqamli aktivlar Eronda oddiy fuqarolar uchun iqtisodiy najot, siyosiy norozilik instrumenti va sanksiya ostidagi elita uchun asosiy moliyaviy kanalga aylangan.
Eng xavotirli tendensiya — kriptobozorda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ta’sirining keskin oshishi. Blokcheyn tahlillari 2025 yil to‘rtinchi choragi holatiga ko‘ra, IIMK bilan bog‘liq tuzilmalar mamlakat kriptobozorining 50 foizdan ortig‘ini nazorat qilayotganini ko‘rsatadi. 2024 yilda ushbu tarmoqlarga tegishli hamyonlardagi 2 mlrd dollarlik mablag‘lar 2025 yilda 3 mlrd dollardan oshib ketgan. Bu mablag‘lar Yaqin Sharqdagi proksi guruhlarni moliyalashtirish, qurol xaridi va xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlatilayotgani qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, bitkoin oddiy eronliklar uchun iqtisodiy himoya vositasiga aylandi. 2018 yildan buyon riyol qiymatining 90 foizgacha qadrsizlanishi va 40–50 foizli inflatsiya fonida aholi ommaviy ravishda bitkoinga o‘tmoqda. 2025 yil oxiri — 2026 yil boshidagi ommaviy namoyishlar paytida birjalardan shaxsiy (kastodial bo‘lmagan) hamyonlarga mablag‘ chiqarish keskin oshgani kuzatildi.
Bu jarayon bir necha omil bilan izohlanadi. Birinchidan, riyol amalda xalqaro valutaga almashtirilmaydigan holatga keldi. Ikkinchidan, internet o‘chirilishi va kuchli bosim sharoitida bitkoin davlat tomonidan musodara qilib bo‘lmaydigan yagona aktiv sifatida qaralmoqda. Uchinchidan, kriptovalyuta ko‘plab eronliklar uchun mamlakatni tark etishda likvidlikni saqlab qolish vositasiga aylandi.
Tahlillar harbiy-siyosiy keskinlik bilan kriptofaollik o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik mavjudligini ham ko‘rsatadi. Raketa zarbalari, kiberhujumlar va moliyaviy infratuzilmaga bosim paytlarida tranzaksiyalar hajmi cho‘qqiga chiqqan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Eron tajribasi kriptovalyuta avtoritar davlatlarda ikki qirrali rol o‘ynayotganini yaqqol namoyon qilmoqda: u aholi uchun «qutqaruv halqasi», davlat tuzilmalari uchun esa sanksiyalarni aylanib o‘tish vositasiga aylangan.





