
«Biz har qanday vaqtda urushga tayyor turishimiz lozim» — Ilhom Aliyev
22.08.2025 | 13:3019073
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatning xavfsizligi faqat o‘z qo‘lida ekanini aytib, davlatni har daqiqa urushga tayyor turishga chaqirdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qurolli Kuchlar har kuni davlat manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanmoqda va ehtimoliy tahdid manbalarini doimiy kuzatib bormoqda. U mamlakatga zamonaviy dronlar hamda yangi artilleriya tizimlari yetkazilganini, jangovar samolyotlar xarid qilinib, mavjudlari modernizatsiyadan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Bu haqda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev 21 avgust kuni Kelbajar tumaniga tashrifi chog‘ida mahalliy aholi bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Aliyev dunyodagi siyosiy jarayonlar shiddat bilan kechayotganini ta’kidlab, xavfsizlikning yagona kafolati armiya va xalq birligi ekanini qayd etdi. Uning fikricha, Ozarboyjonga qarshi har qanday provokatsiyaga urinadigan kuchlar yana pushaymon bo‘ladi. Prezident mamlakat endi g‘olib davlat sifatida o‘z yo‘lini davom ettirishini bildirdi.
Shuningdek, Aliyev Armaniston bilan tinchlik shartnomasi haqida to‘xtalib, hujjatning asosiy muallifi Boku ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik qarama-qarshilikka chek qo‘ygan.
Prezidentning aytishicha, mazkur kelishuv natijasida Ozarboyjon tarixiy hududi bo‘lgan Naxchivon bilan quruqlik aloqasini tiklaydi. U bu masala 2020 yildan buyon kun tartibidan tushmaganini va endi amalga oshganini qayd etdi. Aliyev yaqin yillarda asosiy Ozarboyjondan Naxchivonga temiryo‘l va avtomashina orqali borish mumkin bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev Aliyevni Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan tabriklagan edi.





