Logo

«Bizga nima keragi bor?» — Alisher Qodirov Toshkentdagi madaniy meros obyekti muhofazasiga e’tiroz bildirdi

Bugun 18:414 daqiqa

Bobur ko‘chasi, 7-uyda joylashgan va 1935 yilda qurilgan tarixiy binoning taqdiri muhokamalar markaziga tushdi. «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov me’mor Aleksey Shchusev nomi bilan bog‘liq ushbu obyektni madaniy meros sifatida muhofaza qilishga e’tiroz bildirdi. Madaniy meros agentligi esa deputatga rasmiy javob qaytarib, binoning tarixiy qiymatini himoya qilib chiqdi.

«Bizga nima keragi bor?» — Alisher Qodirov Toshkentdagi madaniy meros obyekti muhofazasiga e’tiroz bildirdi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov o‘z chiqishida Toshkent markazidagi eski binolardan biri madaniy meros sifatida muhofaza qilinayotganiga e’tiroz bildirdi. Deputat o‘z nutqida binodan kim foydalangani va uning milliy madaniyat uchun qanday ahamiyatga ega ekani masalasini ko‘tardi.

«Toshkent shahrini o‘rtasida bitta eski qanaqadir buzib tashlasa ham bo‘ladigan binoni, madaniy meros sifatida atrofini qo‘riqlab, butun sudga berib, janjallashib, to‘polonlashib yotilibdi. Hech kimga kerak emas, bir rus rassomini qanaqadir uyi ekan u. Olib ketishi kerak uni. Bizga nima keragi bor uni? U bizga qanaqa qadriyati bor uni, madaniy meros sifatida? Qanaqa ahamiyati bor? Shohi Zindani oldida mingdan biriga to‘g‘ri keladimi? Kim rassom bo‘lishidan qat’iy nazar» — dedi Qodirov.


U, shuningdek, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishda milliy madaniyatga ustuvor e’tibor qaratilishi kerakligini bildirdi.

«Agentlik umum insoniy qadriyatlar agentligi emas, milliy madaniyatimiz agentligi. Agentlik birinchi o‘rinda milliy madaniyatimizga diqqatini, e’tiborini qaratishi kerak. Biz budjet mablag‘larini sizlarga ko‘proq ajratilsin deyayotgan paytimizda, milliy madaniyatimizni himoya qilishinglar uchun ajratishimizni so‘rayapmiz. Ya’ni, hamma narsani ham emas», — dedi deputat.


Qodirov o‘z nutqida gap qaysi obyekt haqida ketayotganini aniq manzil bilan aytmagan. Biroq 16-sentabr kuni Madaniy meros agentligi ijtimoiy tarmoqlarda Qodirovning agentlikka bildirgan e’tirozlari muhokama qilingani munosabati bilan rasmiy munosabat e’lon qildi. Unda aynan Toshkent shahri, Bobur ko‘chasi, 7-uyda joylashgan bino haqida so‘z borayotgani ko‘rsatilgan.

Bobur ko‘chasi, 7-uyda qanday bino joylashgan?

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Bobur ko‘chasi, 7-uydagi bino 1935 yilda qurilgan va hozirda moddiy madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasida.

Ochiq tarixiy va ekspert materiallarida bino Toshkentda faoliyat yuritgan me’mor Aleksey Shchusev nomi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, bino tarixi faqat uning me’mori bilan cheklanmaydi. Turli yillarda bu yerda akademiklar Toshmuhammad Qori-Niyoziy, Vasiliy Shishkin, shuningdek, olim va mutaxassislar Rahim Atajonov hamda Natan Mallayev yashagan.

Shu sababli Agentlik binoni oddiy eski turar joy sifatida emas, balki XX asrda Toshkent me’morligi, ilm-fani va shahar madaniyati rivoji bilan bog‘liq obyekt sifatida baholamoqda.

Binoni buzish rejasi qachon paydo bo‘lgan?

Bobur ko‘chasidagi binoning huquqiy maqomi bilan bog‘liq yana bir muhim holat bor.

Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30-oktabrdagi 1550-son qarori bilan «UNIVERSAL PACKING MASTERS» MCHJga mazkur manzildagi turar va noturar binolarni buzish hamda hududda ko‘p qavatli turar joy qurish uchun yer maydoni ajratilgan.

Agentlik o‘rganishlariga ko‘ra, ushbu qaror binoning moddiy madaniy meros obyekti sifatidagi huquqiy maqomi belgilanishidan avval qabul qilingan.

2020 yilda esa Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi binoga moddiy madaniy meros obyektlarining Milliy ro‘yxatiga kiritishni ma’qullagan.

2021 yilda obyektni Milliy ro‘yxatdan chiqarish taklifi rad etilgan.

Shuning uchun hozirda bino davlat muhofazasida turibdi.

Agentlik nima dedi?

Agentlik Qodirovning «Bizga nima keragi bor?» mazmunidagi savoliga javob berar ekan, madaniy meros obyektini bugun jamiyatga «kerak» yoki «kerak emasligi» mezoni bilan baholab bo‘lmasligini bildirdi.
Idoraning pozitsiyasiga ko‘ra, madaniy merosning qiymati uning tarixiy va madaniy ahamiyati, ilmiy ekspertiza hamda qonunchilik asosida belgilanishi kerak.
Agentlik, shuningdek, madaniy merosni asrash masalasini milliy qarama-qarshilik mavzusiga aylantirish mumkinligidan xavotir bildirgan.

«Madaniy meros — umumiy tariximizning bir qismi. U bir millatga tegishli emas va u bilan bog‘liq insonning kelib chiqishi tufayli “begona” bo‘lib qolmaydi», — deyiladi rasmiy munosabatda.


Agentlikka ko‘ra, Toshkent tarixini turli me’moriy maktablar, ilmiy an’analar va shahar qiyofasini shakllantirgan turli madaniyatlardan ajratib bo‘lmaydi.
Shu nuqtayi nazardan idora masalani «bu uy bizga nima uchun kerak?» degan savoldan ko‘ra, obyektning tarixiy va madaniy qiymati hamda uni qonun talablari asosida qanday saqlab qolish mumkinligi nuqtayi nazaridan qo‘yish lozimligini ta’kidlagan.

Masala hali ochiq

Binoning kelgusi taqdiri bo‘yicha huquqiy jarayon ham davom etmoqda.

Madaniy meros agentligi avvalroq mazkur obyektni saqlash masalasi yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qilgan. Unda 2018 yildagi hokim qarori qonunchilik, jumladan, madaniy merosni muhofaza qilish talablariga muvofiq yoki muvofiq emasligiga huquqiy baho berish so‘ralgan.

Agentlik qonunbuzilish holatlari aniqlansa, qarorni bekor qilish yoki qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ham so‘ragan.

Hozircha Bobur ko‘chasi, 7-uydagi obyekt davlat muhofazasida qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid