add

Bloger «Shuhrat Shon»ga nisbatan sud hukmi o‘zgartirildi

06.09.2025 | 16:0641063

Blogerlik faoliyati bilan shug‘ullangan Shuhrat Rahimov tuhmat moddasi bo‘yicha oqlandi, ammo boshqa ayblovlari saqlanib qoldi.

Bloger «Shuhrat Shon»ga nisbatan sud hukmi o‘zgartirildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudi 2025 yil 17 martda bloger Shuhrat Rahimovni bir nechta moddalar bo‘yicha aybli deb topib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan edi. Rahimov «HAQIQAT OVOZI» nomli YouTube kanalida «Shuhrat Shon» taxallusida blogerlik faoliyati bilan shug‘ullangan. Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat), 140-moddasi (haqorat qilish) va 236-moddasi (tergov yoki sud ishlariga aralashish) bo‘yicha aybdor deb topilgan. Shu bilan birga unga turli cheklovlar qo‘yilgan, jumladan, Internetdan foydalanmaslik, alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik va Toshkent viloyatidan tashqariga chiqmaslik kabilar. Biroq, 2025 yil 5 sentyabrda Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya tartibida mazkur ishni ko‘rib chiqib, Chinoz tuman sudi hukmini qisman o‘zgartirdi. Shu qarorga ko‘ra, Shuhrat Rahimov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan aybsiz deb topildi va reabilitatsiya qilindi. Ammo unga nisbatan haqorat va tergov ishlariga aralashish moddalari bo‘yicha tayinlangan jazolar saqlandi. Sud unga ish joyiga borib kelishi uchun zarur vaqtdan tashqari qolgan vaqtlarda uy-joyini tark etmaslik sharti bilan 2 yil ozodlikni cheklash jazosini belgiladi. Sud qarorini kelgusida taftish tartibida shikoyat qilish huquqi saqlanib qolgani ta’kidlandi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger Aziz Hakimov Sherzodxon Qudratxo‘jani haqorat qilgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Bloger «Shuhrat Shon»ga nisbatan sud hukmi o‘zgartirildi | Vaqt.uz