
BMT 7 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatishi mumkin
30.05.2025 | 19:008402
BMT moliyaviy tanglik sabab 3,7 milliard dollarlik byudjetiga 20 foiz qisqartirish kiritish va qariyb 6,9 ming ish o‘rnini to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.

Byudjet tanqisligiga asosiy sabab sifatida AQSH moliyalashtirishining kamayishi ko‘rsatilmoqda. AQSH har yili tashkilot byudjetiga to‘rtdan bir qism hissa qo‘shib keladi. Hozirda AQSHning BMT oldidagi qarzi 1,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bu oyda diplomatlar bilan uchrashuvda bir qator o‘zgarishlar muhokama qilinishi kutilganini ma’lum qilgan. Jumladan, ayrim idoralarni birlashtirish, mablag‘larni qayta taqsimlash, ishchi kuchi arzonroq shaharlarga ko‘chirish va takrorlanuvchi bo‘limlarni qisqartirish taklif qilingan.
Moliyaviy muammolar bir qator gumanitar dasturlarning qisqarishiga sabab bo‘ldi. Bu esa turli mamlakatlardagi millionlab insonlarning hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Xitoyning kechiktirilgan to‘lovlari va boshqa donor davlatlarning kamaygan yordami BMTdagi muammoni yanada murakkablashtirmoqda. Hozircha tashkilot ichida moliyaviy barqarorlikni tiklash uchun yechim izlanmoqda.





