
BMT Isroilning noqonuniy harakatidan foyda ko‘rayotgan 158 kompaniyani e’lon qildi
27.09.2025 | 16:158643
BMT Inson huquqlari boshqarmasi G‘arbiy sohildagi noqonuniy posyolkalarda ish olib borayotgan 158 ta kompaniya ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida Airbnb, Booking.com, TripAdvisor kabi yirik xalqaro servislar ham bor.

BMT Inson huquqlari boshqarmasi 27 sentyabr kuni noqonuniy faoliyatda ishtirok etgan kompaniyalar bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar bazasini taqdim etdi. Hujjatda 158 ta kompaniya noqonuniy deb topilgan posyolkalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish olib borishi yoki ulardan tijorat foydasi ko‘rayotgani qayd etilgan.
Ro‘yxatning katta qismi isroillik firmalardan iborat bo‘lsa-da, unda AQSH, Kanada, Xitoy, Fransiya va Germaniyada ro‘yxatdan o‘tgan yirik xalqaro kompaniyalar ham bor. Ular orasida Airbnb, Booking.com, Expedia va TripAdvisor kabi mashhur servislar ham ko‘rsatilgan.
BMT hisobotida biznes tuzilmalar inson huquqlari buzilishlariga hissa qo‘shmasligi shartligi ta’kidlandi. Agar kompaniyalar bu kabi huquqbuzarliklarga aloqadorligi aniqlansa, ularning javobgarlik olishi va zararni kamaytirish uchun choralar ko‘rishi lozimligi qayd etilgan.
Oxirgi marta 2023 yil iyun oyida e’lon qilingan ro‘yxatga bu safar yana 68 ta yangi kompaniya qo‘shildi. Shu bilan birga, yettita kompaniya chiqarib tashlangan. Ular qatorida Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Opodo va Ispaniyaning eDreams turizm agentliklari bor.
Ko‘plab kompaniyalar Isroilning posyolkalarni kengaytirish siyosatiga bog‘liq qurilish, ko‘chmas mulk, konchilik va karer qazish sohalarida faoliyat yuritmoqda. BMT hozirda yana 300 dan ortiq kompaniyani monitoring ostiga olganini ma’lum qildi.





