
BMT Sudandagi «dahshatli vahshiyliklarni» to‘xtatishga chaqirdi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Al-Fashirdagi qirg‘in va ocharchilik haqida e’lon qilib, dunyoni zudlik bilan aralashishga chaqirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk Sudanning Al-Fashir shahrida ommaviy qotilliklar, zo‘rlashlar va etnik qirg‘inlar sodir bo‘layotganini aytib, jahon hamjamiyatini genotsidning rasman tan olinishini kutmasdan zudlik bilan aralashishga chaqirdi.
Turkning so‘zlariga ko‘ra, 18 oylik qamaldan so‘ng shaharni egallab olgan Tezkor harakat kuchlari (THK) jangarilari tinch aholini ommaviy qirg‘in qilgan.
«Odamlar dahshatli sharoitlarda yashashgan - oziq-ovqat va suvsiz, ba’zilar hayvonlar uchun ozuqa va yeryong‘oq po‘stlog‘ini yeyishga majbur bo‘lishgan», - dedi u.
Oliy komissar ommaviy qotilliklarning ishonchli dalillari va ko‘plab zo‘rlash va qiynoq holatlari haqida xabar berib, qochishga urinishda odamlar otib tashlanganini ta’kidladi.
Oliy komissar bunday vahshiyliklar Sudanning neftga boy Kordofan mintaqasida takrorlanishi xavfi haqida ogohlantirdi.
«Umid qilamanki, xalqaro hamjamiyat nihoyat uyg‘onadi», - dedi Turk. Uning fikricha, ushbu falokatlar haqidagi ogohlantirishlar o‘tgan yil davomida berilgan bo‘lsa-da, xalqaro hamjamiyat tomonidan ular e’tiborga olinmagan.





