add

BMT: Ukrainada beqiyos uy-joy inqirozi yuzaga keldi

Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin Ukrainada 10 foizdan ziyod uy-joy fondi yaroqsiz holatga keldi. 10,6 million odam o‘z uyini tark etgan.

BMT: Ukrainada beqiyos uy-joy inqirozi yuzaga keldi

BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) Ukrainadagi uy-joy vaziyati bo‘yicha yangi hisobot e’lon qildi. Unda mamlakat «beqiyos uy-joy inqirozi»ga duch kelayotgani qayd etilgan. Bu — 2022 yildagi Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan 3,5 yil o‘tishiga qaramay hal qilinmagan muammo hisoblanadi.

Hisobotga ko‘ra, mamlakatda 236 mingdan ortiq bino vayron qilingan yoki shikastlangan. Bu 2,5 million uy-joy birligiga to‘g‘ri keladi — Ukrainadagi umumiy uy-joy fondining taxminan 10 foizi. Ayniqsa, Donetsk va Xarkiv oblastlaridagi qurolli to‘qnashuvlar uy-joylarning buzilishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.

Ukraina hududida hozirda 3,7 million ichki ko‘chirilgan shaxs yashamoqda. Ulardan ikki kishidan biri uy ijarasi uchun daromadining 50 foizidan ko‘prog‘ini sarflayapti. Bu esa aholining moliyaviy zaxiralarini tugatib, ijara bozoridagi talab va taklif muvozanatini buzmoqda.

BMT hisoboti shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda ijtimoiy uy-joy tanqisligi, ijara bozoridagi nazoratsizlik va aholi migratsiyasi uy-joyga egalik qilish imkoniyatlarini keskin cheklamoqda. Xususan, 27 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar va 222,6 mingta xususiy xonadonlar shikastlangan.

Migratsiya tashkiloti xalqaro hamjamiyatni Ukrainadagi uy-joy inqirozini bartaraf etish uchun qo‘shimcha yordam va investitsiyalar kiritishga chaqiradi.

Teglar

Mavzuga oid

BMT: Ukrainada beqiyos uy-joy inqirozi yuzaga keldi | Vaqt.uz