Logo

«Boeing», «BlackRock» va «Meta»: AQSHning yirik kompaniyalari Mirziyoyevga rahmat aytdi

Bugun 19:302 daqiqa

Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHning yetakchi korporatsiyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Boeing», «BlackRock» va «Meta»: AQSHning yirik kompaniyalari Mirziyoyevga rahmat aytdi © Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQSHning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda AQSH Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda «Air Products», «Cove Capital», «Templeton Global Investments», «Boeing», «77 Construction», «BlackRock», «FLS», «Visa», «JP Morgan», «Meta», «GULF» korporatsiyalari rahbarlari va yana bir qator kompaniyalar vakillari ishtirok etgan.

Davlat rahbari mazkur uchrashuv oxirgi yillarda vujudga kelgan yaxshi an’ananing davomi, AQSH ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganining tasdig‘i ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekani alohida ta’kidlangan.

Mamlakat yetakchisi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator dolzarb yo‘nalishlarni belgilab bergan.

Muhim minerallarni o‘zlashtirish va qayta ishlash, energetika, metallurgiya, moliya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa ko‘plab sohalarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

AQSHning yirik kompaniyalari rahbarlari investorlar samarali faoliyat yuritishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, o‘zlarining aniq taklif va rejalarini bayon etgan.

Davra suhbati yakunida AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Teglar

Mavzuga oid