
Bog‘cha mudiralari maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil maosh oladi
15.09.2025 | 16:1045454
«Islohotlarning dastlabki bosqichidayoq maktabgacha ta’lim sohasiga ustuvor ahamiyat qaratildi va natijada tarixiy o‘zgarishlarga erishildi» dedi Shavkat Mirziyoyev «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvda.

2017 yilda 4 mingdan ziyod mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov esa 27 foizdan oshmasdi. bugungi kunda esa bog‘chalar soni 38 mingdan oshib, bolalarni qamrov darajasi 78 foizga yetdi.
Yaqinda e’lon qilingan yangi imkoniyatlar tufayli birorta ham mahalla bog‘chasiz qolmasligi, umumiy qamrov 80 foizdan kam bo‘lmasligi qayd etildi.
Shu bilan birga, bog‘cha tarbiyachilari maoshi maktab o‘qituvchilari darajasiga tenglashtirildi. Shu oydan boshlab bog‘cha mudiralari maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil maosh oladi. Bu o‘zgarish natijasida rahbar va pedagoglar oyligi qariyb ikki barobar oshdi.
Endilikda xususiy bog‘chalarda ham tarbiyachilar maoshining bir qismi hamda bola xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladigan yangi tizim joriy etiladi.
Texnikumlarda maktablardagidek kasbiy sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Prezident texnikum o‘qituvchi va ustalarining malakasini oshirish hamda jamiyatdagi nufuzini yuksaltirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Endi texnikumlarda maktablardagidek kasbiy sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Milliy sertifikatga ega bo‘lgan ustozlar oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga egalari esa 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama oladi.
Texnikum direktorlari va o‘rinbosarlarining maoshi maktabdagilar bilan tenglashtiriladi. Shuningdek, “Direktorlar maktabi”da menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritgan rahbarlarga yana 20 foiz ustama to‘lanadi.
Oliygohlardagidek, texnikumlarda ham ilmiy daraja va unvonlarga ega ustozlar qo‘shimcha ustamalar bilan rag‘batlantiriladi.
Shu bilan birga, har yili 500 nafar muallim ilg‘or xorijiy ta’lim muassasalarida, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarda stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.





