
Boku shahrida «Made in Uzbekistan» shourumi ish boshladi
03.07.2025 | 14:401652
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida O‘zbekiston mahsulotlari uchun doimiy shourum ishga tushdi. Bu loyiha ikki mamlakat sanoat va savdo hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan.

1 iyul kuni ochilgan shourum «Turk savdo markazi»da joylashgan bo‘lib, 1500 kvadrat metr maydonni egallaydi. Tadbirda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbar o‘rinbosari Xurram Teshabayev hamda Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Samed Bashirli ishtirok etdi.
Shourumda qurilish materiallari, elektr mahsulotlari, mebel, to‘qimachilik va charm mahsulotlari namoyish etilmoqda. Shu bilan birga, «O‘zpromstroymateriallari» uyushmasi Okuglu Holding kompaniyasi bilan 1 mln kvadrat metr kafel va keramogranit eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Bundan tashqari, Panamilk va Jizzax Organic kompaniyalari Ozarbayjonning Atena va Milla Dairy bilan sut mahsulotlari ishlab chiqarish va hamkorlik yuzasidan kelishuvga erishdi. Havas Holding va RJ Chemical Co. o‘rtasida maishiy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzildi.
«O‘zeltexsanoat»va STP Global Cable kompaniyalari esa yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyiha boshlashni rejalashtirmoqda.





