
Bokuda O‘zbekiston Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi
02.07.2025 | 18:0031283
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga davlat tashrifi bilan keldi. Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirish va birgalikda muhim tadbirlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 2 iyul kuni Boku shahriga davlat tashrifi bilan keldi. Boku shahridagi Haydar Aliyev nomidagi aeroportda oliy martabali mehmonni Ozarboyjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar tantanali ravishda kutib oldi.
Kutib olish marosimida ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentlar uchrashuvi «Zagulba» qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Ilhom Aliyev Prezident Mirziyoyevni samimiy kutib oldi. Marosim davomida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi va harbiy orkestr sadolari ostida faxriy qorovul parad o‘tkazdi.
Rasmiy marosimdan so‘ng Prezidentlar tor doirada muzokara o‘tkazishdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Prezident Mirziyoyevning tashrifi doirasida Boku, Xonkendi, Shusha va Ag‘dam shaharlariga tashrif buyurish rejalashtirilgan.
Bugun Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yiladi va O‘zbekistonning Bokudagi yangi elchixonasi ochiladi. Ertaga Prezidentlar Qorabog‘da muloqotni davom ettiradilar, Xonkendidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi va Ag‘damdagi «Imorat» tarixiy-me’moriy majmuasi bilan tanishadilar.
Mazkur tashrif doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha muhim kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Bu tashrif 2024 yilda ittifoqchilik maqomini olgan O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilganini yana bir bor tasdiqlamoqda.





