
Bokuda Qorabog‘dagi g‘alabaning ikkinchi yilligi nishonlandi
8-noyabr kuni Boku shahrida Ozarboyjonning Qorabog‘ urushidagi ikkinchi g‘alabasi munosabati bilan harbiy parad va tantanali tadbirlar o‘tkazildi.

Ozarboyjon 8-noyabr kuni Bokuning markaziy maydonida 2020–2023 yillardagi Ikkinchi Qorabog‘ urushida qozonilgan to‘liq g‘alabaning ikkinchi yilligini katta tantana bilan nishonladi. Bu urush natijasida 30 yil Armaniston yurisdiksiyasida bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi tugatilgan edi.
Tantanali tadbirda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan birga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirok etdi. Maydondan Ozarboyjon armiyasining barcha turdagi bo‘linmalari kolonnalari o‘tdi. Yangilangan zamonaviy tanklar, zirhli mashinalar va uzoq masofali raketalar tizimlari namoyish etildi.
Paradda Pokiston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari va Turkiya prezident gvardiyasining marosim batalyoni ham qatnashdi. Bayramning yakunlovchi qismida Turkiyaning F-16 harbiy samolyotlari va Ozarboyjon dronlari shahar osmonidan parad qildi.
Prezident Aliyev o‘z nutqida Erdo‘g‘anning urushning ilk soatlaridanoq bildirgan qo‘llab-quvvatlovini alohida ta’kidlab, Ozarboyjon xalqi buni hech qachon unutmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat 30 yil davomida iqtisodiyotni mustahkamlab, zamonaviy armiya qurish orqali o‘z yerlarini qaytarishga erishgan.
Prezident Qorabog‘ va Sharqiy Zangezur Ozarboyjonning huquqiy yerlari ekanini ta’kidlab, ushbu hududlarda tiklash ishlari jadal olib borilayotganini ma’lum qildi. bugungi kunda ishg‘oldan ozod bo‘lgan yerlarda 60 ming kishi yashamoqda.





