add

Bolalarni zo‘ravonlikdan kim qutqaradi? Yangi strategiya tasdiqlandi

O‘zbekistonda 2030 yilgacha bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Endi professional tutingan oilalar tashkil etilib, ularga maosh to‘lanadi.

Bolalarni zo‘ravonlikdan kim qutqaradi? Yangi strategiya tasdiqlandi

O‘zbekiston Bogota harakatlar chaqiruviga qo‘shilgan hamda Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyans a’zoligiga qabul qilingan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonda keltirilgan.

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1-fevraldan boshlab zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar zo‘ravonlikdan jabrlangan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalardagi (keyingi o‘rinlarda – ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar) zo‘ravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishishlarni yoki oila a’zolari, tengdoshlari bilan munosabatlaridagi buzilishlarni va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.

Zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.

Shuningdek, professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.

Professional tutingan oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.

Dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2026 yil yakuniga qadar respublikaning boshqa hududlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlanganligi tufayli oilasidan olingan bolalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlariga ham boshqalardan alohida joylashtirilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid