
Boshlang‘ich sinf o‘quvchisini kaltaklagan maktab xodimasi ishdan haydaldi
14.10.2025 | 19:4043373
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hozirda holat sud tartibida ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda maktab xodimasi boshlang‘ich sinf o‘quvchisini kaltaklagani aks etgan videolavha tarqalgan edi. Mazkur holat Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, hodisa joriy yilning 6 oktyabr kuni ertalab Samarqand viloyat Qo‘shrabot tumanidagi 71-o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan. Maktabning kadrlar bo‘yicha menejeri bo‘lib ishlovchi Q.S.ning oldiga farzandi Q.I. tanaffus vaqtida kelib, sinfdoshi (3-A sinf o‘quvchisi R.F.) urganligini aytgan. Shundan so‘ng ona farzandi bilan janjallashgan o‘quvchining sinfiga borib, unga qo‘l ko‘targan.
Vaziyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratga olinib, jabrlanuvchi o‘quvchi R.F.ni tan jarohati olgan yoki olmaganligi yuzasidan joriy yilning 7 oktyabr kuni sudga oid ekspertiza tayinlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaga yengil tan jarohati yetkazilganligi aniqlandi. Ayni paytda holat sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.
Maktabning kadrlar menejeri vazifasida ishlovchi Q.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, xodimning ichki odob-ahloq qoidalariga rioya qilishini nazoratga olmaganligi uchun Qo‘shrabot tumanidagi 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari K.A.ga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.





