
Boshog‘riqqa aylangan UzIMEI: narxlar nega oshib ketdi?
25.09.2025 | 21:00409610
Tahririyatimizga Toshkentdagi «Malika» bozorida telefon IEMI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish narxi ancha oshganidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Murojaatchilar avvallari bu xizmat 30–40 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir 100 dollardan 400 dollargacha yetganidan shikoyat qilgan.

Vaqt.uz muxbiri ro‘yxatdan o‘tkazish narxlarining o‘n baravar o‘sish sabablarini o‘rganish maqsadida surishtiruv olib bordi.
Bizga ma’lum bo‘lishicha, IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekistonga kirishda telefonini bojxonada deklaratsiya qilishni unutgan yoki telefonining eSIM funksiyasini birinchi marta ishga tushirganlarlar murojaat qilgan.
Foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tish tizimi telefonlarini yangi qurilma deb tanib, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilayotganini aytdi. Sotuvchilar esa ba’zi telefon egalari qurilmaning ikkinchi IMEI raqamini faollashtirishga uringanini, lekin u tez orada bloklanganini ma’lum qildi.
Telefon IMEI slotining bloklanishiga asosiy sabab esa Vazirlar mahkamasining 2024 yilda kuchga kirgan qarori bilan kuchga kirgan yangi tartib ekanligi ayon bo‘ladi. Unga ko‘ra, endi telefon, planshet kabi mobil qurilmalarnining IMEI kodlarini UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun xorijga chiqib kelgan bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Qonun jismoniy shaxslar o‘zi bilan yangi telefon olib kirayotgan bo‘lsa, ilgarigidek, «tanish-bilish» orqali olib o‘tishi emas, bojxona punktida deklaratsiya to‘ldirishini taqozo qilmoqda. Aks holda, keyinchalik qurilmaning IEMI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish paytida registratsiya to‘lovidan tashqari, bojxona bojini ham to‘lashga to‘g‘ri keladi.
2024 yilda ishga tushgan bojxona va UzIMEI tizimi integratsion kelishuviga ko‘ra esa ,vaqtida deklaratsiya to‘ldirmasdan olib kirilgan mobil qurilmalarni UzIMEIdan o‘tkazishda qurilma bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida boj undirish boshlangan.
Aynan shu yerda murojaatchilar savoliga asosiy javobni olishi mumkin. Deylik, 1200 dollarlik vaqtida deklaratsiyadan o‘tkazilmagan iPhone 16 Pro Max uchun siz 360 dollar miqdorga boj to‘lash talab qilinadi. Ya’ni siz to‘layotgan 300-400 dollar IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish narxi emas, bojxona to‘lovi. Kodni registratsiya qilish uchun to‘lov o‘zgarmagan — u hamon 75 ming so‘m.
Shuning uchun bojxona qo‘mitasi mavjud holatdan kelib chiqib, fuqarolarga bozorlar, savdo nuqtalari yoki internet-do‘konlardan telefon sotib olayotganda, albatta, UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tganini tekshirishni tavsiya qildi. Agar telefon ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, bojxona bojini o‘zingiz to‘lashingiz kerak bo‘ladi.
«Keraksiz xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun telefonlarni olib kirishda, bitta yoki bir nechta telefon bo‘lishidan qat’i nazar, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ularning raqamini ko‘rsating», — deya tavsiya qildi qo‘mita.
Lekin yana bir muammo aeroportda deklaratsiya qilish kerakligi haqida hech qanday e’lonning yo‘qligida. Aksariyat yo‘lovchilar bu haqida umuman bilmaydi. Nomi anonim qolishini istagan murojaatchiga ko‘ra, deklaratsiyani rasmiylashtirish ishlari Bojxona qo‘mitasi orqali juda uzoq, chalkash va qimmatga tushadigan jarayon.
«Eng hayratlanarlisi — barcha hujjatlar tayyor bo‘lgach, UzIMEI bazasida ro‘yxatdan o‘tkazish atigi bir necha daqiqa vaqt oldi», — deya so‘zini davom ettirdi fuqaro.
Foydalanuvchilarning fikricha, aholini deklaratsiyalash tizimi bilan yaqindan tanishtirish va jarayonni soddalashtirish kerak. Masala yuzasidan savol bilan bilan Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husen Tangriyevga murojaat qildik.
Tangriyevga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish uzoq vaqtni talab qilmaydi. «Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini chegara postida to‘ldirganidan keyin bojxona xodimlari ma’lumotlarni tizimga kiritishadi.Undan keyin ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda UzIMEI tizimida ko‘rinadi. Keyingi bosqichda fuqarolar uyga borib, tizimda mustaqil o‘zlari ro‘yxatdan o‘tib qo‘yishlari mumkin. Chegara bojxona postida ushlanib qolishlariga hojat yo‘q. Yo‘lovchilarga yanada qulay bo‘lishi uchun shu kunlarda «Yo‘lovchi-bojxona» deklaratsiyasini onlayn usulda to‘ldirish yo‘lga qo‘yiladi. Shunda, yo‘lovchilar smartfonlar va aeroportlarda o‘rnatilgan infokiosklar orqali yo‘lovchi bojxona deklaratsiyani onlayn tarzda to‘ldirishlari mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, 2023 yil oktyabr oyida hukumat O‘zbekistonga yangi telefonlar olib kirishdagi cheklovlarni yumshatganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, agar ilgari jismoniy shaxslar har 6 oyda faqat bitta telefon olib kirgan bo‘lsa, 2024 yilning 28 yanvaridan boshlab, har safar chegaradan o‘tishda 2 ta olib kirishlari mumkin bo‘ldi. Lekin ularni majburiy deklaratsiyalash lozim.
Aeroport orqali olib kirilayotganda bitta yoki ikkita telefonning umumiy summasi 1000 dollar oshmasligi kerak (chegarani avtomobilda kesib o‘tishda — 300 dollargacha). Agar gadjetning umumiy summasi shartli ravishda 2300 dollar bo‘lsa, u holda 1300 dollarga 30 foiz boj qo‘llaniladi.
Mehrinoz Farmonova tayyorladi.





