
Bo‘stonliqda yirik shamol elektr stansiyasi qurilmoqda
05.07.2025 | 11:3043582
Toshkent viloyatida 129 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir shamol elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Bu loyiha iqtisodiy va ekologik jihatdan yuksak ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Bo‘stonliq tumanida umumiy quvvati 20 MW bo‘lgan yirik shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Burchmulla hududidan 10 gektar yer ajratilgan ushbu loyiha yiliga 129,6 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada 811 ming m³ tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna ko‘mir tejaladi.
«Atrof-muhitga foydasi bilan birga, bu iqtisodiy jihatdan ham muhim loyiha hisoblanadi. 28 mln dollarga teng bo‘lgan qurilish ishlari grand mablag‘lari asosida olib borilmoqda», deyiladi xabarda.





