Boysunda yana neft aralash suyuqlik oqayotgani kuzatildi
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida kuchli sel oqibatida neft aralash suyuqlik sizib chiqdi.
© Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiBoysun tumani hududida 2-may kuni ertalab kuchli sel oqibatida neft aralash suyuqlik sizib chiqdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa soat 06:30 atrofida sodir bo‘lgan. Sel oqimi ta’sirida xandaq buzilib, neft aralash suyuqlik sizib chiqqan.
Ayni paytda Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, Ekopolitsiya va boshqa tegishli tashkilotlardan iborat ishchi guruh voqea joyida faoliyat olib bormoqda.
«Hozirda o‘rganish davom etmoqda va natijalariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot beriladi», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 23-aprel kun Boysun tumanidada sodir bo‘lgan sel oqimi «ERIEEL GROUP» tomonidan yasalgan neft mahsuloti saqlovchi dambani yuvib ketishi oqibatida mazut Surxondaryogacha oqib kelgan. Natijada ekologiyaga 8,5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani ma’lum qilingandi.





