
Bozorda «korreksiya»: Qora oltin yana qimmatlashmoqda
Ketma-ket ikki haftalik pasayishdan so‘ng, dushanba kuni ertalab neft narxi ko‘tarila boshladi.

Toshkent vaqti bilan soat 9:15 holatiga ko‘ra, Londonning ICE Futures birjasida Brent markali neftning fevral oyi uchun fyucherslari 0,48 dollarga yoki 0,79 foizga qimmatlashib, bir barreli 60,95 dollarga yetdi. Birja ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan juma kuni ham Brent narxi o‘sishni qayd etgan bo‘lib, u 0,65 dollarga yoki 1,1 foizga oshgan holda 60,47 dollardan savdolarni yakunlagan edi.
Nyu York tovar birjasining NYMEX elektron savdolarida esa WTI markali neftning fevral oyi uchun fyucherslari ushbu vaqtga kelib 0,46 dollarga yoki 0,81 foizga qimmatlashib, bir barreli 56,98 dollarni tashkil qildi. Avvalgi savdo sessiyasida mazkur shartnoma narxi 0,58 dollarga yoki 1 foizga o‘sib, 56,52 dollar darajasida yopilgan edi.
Bozor ishtirokchilari fikricha, joriy o‘sish qisqa muddatli tuzatish xarakteriga ega bo‘lib, u oldingi ikki hafta davomidagi pasayishdan keyin shakllandi. O‘tgan haftada har ikki asosiy neft markasi narxi kelgusi yilda neft bozorida taklif hajmlarining ortib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sababli taxminan 1 foizga arzonlagan edi. Undan bir hafta oldin esa pasayish yanada sezilarli bo‘lib, Brent va WTI narxlari qariyb 4 foizga tushgan.




