add

«Bo‘zsuv» kanalidagi rangli suv doimiy muammomi?

28.09.2025 | 17:5045454

Ijtimoiy tarmoqlarda «Bo‘zsuv» kanaliga rangli oqova suv oqizilayotgani haqida videolavha tarqaldi. «Bu bugungi muammo emas» — «O‘zsuvta’minot» AJ rasmiy munosabat bildirdi.

«Bo‘zsuv» kanalidagi rangli suv doimiy muammomi?
«Bo‘zsuv» kanalidagi rangli suvni «O‘zsuvta’minot» AJ tekstil korxonalaridan chiqqan bo‘yoq qoldiqlari deya izohladi.
«Ushbu mavzu bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, poytaxtda aholi va maishiy chiqindilardan kelayotgan suvlarni tozalovchi 3 ta asosiy inshoot mavjud. Ular biologik usulda tozalash texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, asosan oshxona, hammom va hojatxonalardan kelgan suvlarni qayta ishlaydi. Biroq kimyoviy chiqindilarni korxonalarning o‘zida maxsus lokal inshootlarda tozalash talab etiladi. So‘nggi yillarda tadbirkorlik va ishlab chiqarishning o‘sishi bilan turli kimyoviy moddalar hamda tekstil korxonalaridan chiqqan bo‘yoq qoldiqlari kanalizatsiyaga aralashmoqda. Bu holat tozalash inshootlarining ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda» — deyiladi munosabatda.
Me’yorga ko‘ra, har bir ishlab chiqaruvchi korxonada kimyoviy tashlamalarni filtrlab oladigan lokal tozalash inshooti bo‘lishi shart. Ammo ularning qurilishi va ekspluatatsiyasi qimmatga tushgani uchun ayrim korxonalar bu talabni chetlab o‘tib, chiqindilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiyaga yo‘naltirmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, «Bo‘zsuv» kanalidan olingan tasvirlarda ko‘rinayotgan rangli suv asosan tekstil ishlab chiqarishdan chiqqan bo‘yoq qoldiqlari hisoblanadi. Biologik tozalash inshootlari bu kabi rang va kimyoviy moddalarni ajratib olishga qodir emas. Mutasaddilar barcha ishlab chiqaruvchi korxonalarni kanalizatsiya yoki tabiatga zararli suv chiqarishdan qat’iy ravishda tiyilishga chaqirdi. Bu kabi harakatlar na faqat qonun va ekologik me’yorlarga, balki insoniylik tamoyillariga ham zid hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

«Bo‘zsuv» kanalidagi rangli suv doimiy muammomi? | Vaqt.uz