
Bo‘zsuv kanalini ifloslantirish yuzasidan kompensatsiya to‘lovi belgilandi
29.09.2025 | 19:2148923
Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanalini kanalizatsiya suvlari bilan ifloslantirish holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, javobgar tashkilotga 1,5 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra , «Bo‘zsuv aeratsiya inshooti» tashlamalaridan olingan namunalarda me’yordan bir necha o‘n barobar yuqori moddalar aniqlangan. Laboratoriya xulosalariga ko‘ra, muallaq zarrachalar, ammoniy ioni, azot nitriti, neft mahsulotlari, mis va temir kabi moddalar belgilangan me’yordan keskin oshgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, birinchi tashlamada ammoniy ioni 101,9 marta, muallaq moddalar esa 23,7 marta yuqori chiqdi. Shuningdek, uchinchi tashlamada ham moddalar me’yoridan bir necha marta oshib ketgani ma’lum qilindi.
Atrof-muhitga yetkazilgan zarar va ifloslanish oqibatlariga qarab, tashkilotdan 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m kompensatsiya puli undirilishi belgilandi.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan «Toshkent suv ta’minoti» AJga nisbatan Jinoyat kodeksining 205 va 207-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «O‘zsuvta’minot» AJ «Ushbu mavzu bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. So‘nggi yillarda tadbirkorlik va ishlab chiqarishning o‘sishi bilan turli kimyoviy moddalar hamda tekstil korxonalaridan chiqqan bo‘yoq qoldiqlari kanalizatsiyaga aralashmoqda. Bu holat tozalash inshootlarining ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda» — deya munosabat bildirgan.





