
Britaniyada inflyatsiya 3,5 foizga yetdi
21.05.2025 | 15:1517733
Britaniyada inflyatsiya aprel oyida kutilganidan ham yuqoriroq darajada — 3,5% gacha oshdi. Kommunal xizmatlar, temir yo‘l va energiya to‘lovlari ortishi ahvolni yanada og‘irlashtirdi va hukumatning inflyatsiyani jilovlashga doir va’dalarini shubha ostiga qo‘ydi.

21 may kuni Britaniya Milliy statistika boshqarmasi ma’lum qilishicha, mamlakatda inflyatsiya aprel oyida 3,5 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yil yanvaridan beri eng yuqori daraja bo‘lib, kutilayotgan ko‘rsatkichlardan yuqori chiqdi.
Ishlab chiqaruvchi va xususiy sektorda narxlar pasayishga moyil bo‘layotgan bir paytda, davlat tomonidan nazorat qilinadigan kommunal xizmatlar, suv, energiya, temir yo‘l to‘lovlari va mahalliy soliqlar inflyatsiyani qaytadan oshirdi.
Keng qamrovli inflyatsiya indeksi (CPIH) esa yanada yuqori bo‘lib, 4,1 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich uy-joy bilan bog‘liq xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi. Energiya nazoratchisi Ofgem tomonidan tasdiqlangan elektr va gaz tariflari 6,4 foizga oshgani asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Boshqa tomondan, suv to‘lovlari va atrof-muhitni himoya qilish bilan bog‘liq xarajatlar Labour (Mehnat partiyasi) hukumati davrida ko‘proq oshirildi. Bu esa oldingi Konservativ hukumatdan qolgan muammolarni bartaraf etish maqsadida qilingan, deb baholanmoqda.
Bank Angliya inflyatsiyani asta-sekin nazoratga olishini ta’kidlab kelayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi ma’lumotlar uning prognozlariga nisbatan ishonchni pasaytirmoqda. Bankning bosh iqtisodchisi Xyu Pill esa bazaviy inflyatsiya pasayishda davom etayotganini va asosiy foiz stavkasi kelgusida yana pasayishini kutmoqda.





