add

Britaniyaning sobiq bosh vaziri Microsoft kompaniyasiga ishga kirdi

10.10.2025 | 08:5740273

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Rishi Sunak Microsoft kompaniyasida katta maslahatchi sifatida ish boshladi. U barcha maoshini xayriyaga yo‘naltiradi.

Britaniyaning sobiq bosh vaziri Microsoft kompaniyasiga ishga kirdi
Amerikaning texnologik giganti Microsoft Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Konservativ partiya vakili Rishi Sunakni katta maslahatchi sifatida ishga oldi. Bu haqda PA Media agentligi xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sunak kompaniyada qisman bandlik asosida faoliyat yuritadi. Uning vazifasi Microsoft’ga makroiqtisodiy va geosiyosiy tendensiyalar bo‘yicha maslahatlar berish hamda kompaniya nomidan xalqaro tadbirlarda qatnashishdan iborat bo‘ladi. Biroq ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish maqsadida Sunakka Britaniya siyosatidan bog‘liq masalalarda maslahat berish, lobbizm bilan shug‘ullanish yoki siyosiy aloqalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlangan. Sunak Microsoft’dan oladigan barcha maoshini o‘zining rafiqasi Akshata Murti bilan birgalikda asos solgan The Richmond Project xayriya jamg‘armasiga yo‘naltiradi. Bu tashkilot bolalarda matematika ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Microsoft’dan tashqari, Sunak hozirda San-Fransiskoda joylashgan sun’iy intellekt startapi Anthropic hamda moliyaviy gigant Goldman Sachs bilan ham ishlaydi. U 2001–2004 yillarda Goldman Sachs’da ishlagan. Eslatib o‘tamiz, Rishi Sunak 2022 yil oktyabridan 2024 yil iyuligacha Britaniya bosh vaziri bo‘lgan. Uning partiyasi o‘tgan yilgi umummilliy saylovlarda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Sunak lavozimni tark etgan. Uning o‘rniga leyboristlar partiyasi yetakchisi Kiyr Starmer saylangan.

Teglar

Mavzuga oid

Britaniyaning sobiq bosh vaziri Microsoft kompaniyasiga ishga kirdi | Vaqt.uz