
Broker faoliyati to‘xtatilganda investorlar aktivlarini ko‘chirish tartibi belgilandi
O‘zbekistonda broker litsenziyasi to‘xtatilganda yoki bekor qilinganda investorlar qimmatli qog‘ozlarini muhofazali ko‘chirish tartibi rasman tasdiqlanib, aniq muddat va majburiyatlar belgilab berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktori buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Investitsiya vositachisi sifatida depozitar operatsiyalari faoliyati to‘xtatilgan yoki tugatilgan taqdirda harakatlar tartibi to‘g‘risida»gi nizom Adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat broker litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilgan yoki butunlay bekor qilingan holatlarda investorlar aktivlarini muhofaza qilish mexanizmlarini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, broker litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilganda depozitar operatsiyalar ham to‘xtatiladi. Bu haqda ikki ish kuni ichida ommaviy axborot vositalari hamda fond birjasining rasmiy sahifalari orqali e’lon berilishi shart. Ushbu davrda investorlar o‘z qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalar amalga oshira olmaydi.
Broker litsenziyasi tugatilganda yoki bekor qilinganda, broker har bir investorning depo hisobvaraqlari bo‘yicha ko‘chirmalarni shakllantirib, faoliyat tugatilgani haqida investorlarga xabarnoma yuboradi. Xabarnoma olinganidan so‘ng investor bir hafta ichida qimmatli qog‘ozlarini qaysi brokerga o‘tkazishni ko‘rsatib, yopilayotgan brokerga yozma topshiriq taqdim etishi lozim.
Agar investor belgilangan muddatda topshiriq bermasa, broker qimmatli qog‘ozlarni Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysiga o‘tkazadi. Markaziy depozitariy aktivlarni vaqtincha saqlash uchun qabul qiladi. Investor yangi brokerni tanlaganidan keyin esa, qimmatli qog‘ozlar bir ish kuni ichida tanlangan brokerga o‘tkazib beriladi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur nizom investorlar aktivlarining yo‘qolib ketish xavfini kamaytiradi va bozor ishtirokchilari uchun aniq hamda shaffof harakatlar algoritmini belgilaydi. Hujjat brokerlar, investorlar va Markaziy depozitariy o‘rtasidagi mas’uliyatni aniq taqsimlab, qimmatli qog‘ozlar bozorida ishonchni oshirishga xizmat qiladi.
G.Bozorova tayyorladi.





