
«Bu jinoyat meni dahshatga soldi»: Putin Imomali Rahmonga va’da berdi
Putin Tojikiston prezidenti bilan yuzma-yuz uchrashuvda halok bo‘lgan Qobiljonning oilasiga hamdardlik bildirdi.
Vladimir Putin Podmoskovedagi maktablardan birida o‘n yoshli Qobiljon Aliyevning o‘ldirilishi munosabati bilan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga hamdardlik bildirdi.
«Ikki tomonlama uchrashuvimizni sizga va bir necha kun oldin halok bo‘lgan tojikistonlik bolaning oila a’zolariga samimiy hamdardlik so‘zlari bilan boshlamoqchiman. Bolalarga nisbatan terakt sodir etilishi – jirkanch jinoyatdir. Shak-shubhasiz, tergov oxiriga yetkaziladi va aybdorlar, agar ular bir necha kishi bo‘lsa, albatta, to‘liq jazoga tortiladi. Yana bir bor takrorlayman: bu jinoyat meni dahshatga soldi. Yuqorida aytganimdek, bu kabi jinoyatlar umuman tushunish chegarasidan chiqadi, agar bunday teraktlar bolalarga nisbatan sodir etilsa, bu boshqacha his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Halok bo‘lgan bolaning oila a’zolariga samimiy hamdardlik so‘zlarini yetkazishingizni so‘rayman», - dedi Rossiya prezidenti Peterburgda o‘tayotgan MDHning norasmiy sammiti doirasida Imomali Rahmon bilan ikki tomonlama uchrashuvda.
Voqea tafsilotlari
16-dekabr kuni Moskva oblastining Odinsovo okrugi, Gorki-2 posyolkasidagi Uspen maktabida sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida 10 yoshli tojikistonlik maktab o‘quvchisi Qobiljon Aliyev halok bo‘ldi. Rossiya Tergov qo‘mitasi va Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan ushbu fojia millatchilik va ksenofobiya zaminida yuz bergani taxmin qilinmoqda.
Voqea sodir bo‘lgan kuni ertalab yuqori sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Timofey K. pichoq va gaz balloncha bilan qurollangan holda maktabga kelgan. Tarqalgan videotasvirlarda bosqinchi bolalardan ularning millatini so‘ragani, so‘ngra qo‘riqchining yuziga gaz sepib, boshqa o‘quvchilarga tashlangani aks etgan. Olingan og‘ir jarohatlar tufayli 4-sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyev voqea joyida vafot etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hujum qilgan o‘smir jinoyatga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan. U dastlab matematika o‘qituvchisini o‘ldirmoqchi bo‘lgan, biroq uni topmagach, boshqalarga hujum qilgan. Qotillikdan so‘ng o‘smir sinf xonalaridan biriga berkinib olgan va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Qotillik sodir qilgan o‘smirning telefonidan halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati va voqea joyidagi selfilar topilgan. Shuningdek, u ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskadagi «Sygaown» yozuvi 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, hujumchi voqeadan biroz avval tengdoshlariga o‘z manifestini yuborgan bo‘lib, unda turli millat va din vakillariga nisbatan nafratini ifoda etgan.
Marhum Qobiljonning onasi ushbu maktabda farrosh bo‘lib ishlagan. Turmush o‘rtog‘i vafotidan keyin u ikki farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan edi. Bolaning jasadi dafn etish uchun Tojikistonga yuborildi va u yerda otasining yoniga qo‘yildi.
Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi Rossiya TIVga rasmiy nota yubordi va tergov adolatli o‘tishini talab qilmoqda. Hozirda Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan qotillik va qotillikka suiqasd moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hujumchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.





