add

«Bu sharmandalik»: Yevropa Rossiyaga Ukrainaga nisbatan 1,5 barobar ko‘proq mablag‘ jo‘natdi

20.11.2025 | 21:555082 Daqiqa

Ukrainadagi urush davomida Yevropa Moskvaga tovarlar va energiya resurslari importi uchun to‘lagan pul miqdori Kiyevga yuborgan mablag‘dan bir yarim barobar ko‘pligi ma’lum bo‘ldi.

«Bu sharmandalik»: Yevropa Rossiyaga Ukrainaga nisbatan 1,5 barobar ko‘proq mablag‘ jo‘natdi

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi Rossiyaga tovarlar va energiya resurslari importi uchun Ukrainaga ko‘rsatgan yordamidan 124 milliard yevro ko‘proq to‘lagan. Bu haqda Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergard 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashi yig‘ilishi doirasida ma’lum qildi.

«Yevropeyskaya pravda» gazetasiga ko‘ra, Shvetsiyada Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra Rossiyadan importga ko‘proq mablag‘ sarflayotganiga e’tibor qaratildi.

«Haqiqat shundaki, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash (YI tomonidan) yetarlicha katta emas, Rossiyani qo‘llab-quvvatlash esa juda katta», - dedi Stenergard.

Uning aytishicha, keng ko‘lamli bosqindan beri Yevropa davlatlari va Yevropa Ukrainani 187 milliard yevro miqdorida qo‘llab-quvvatlagan.

«Xuddi shu davrda biz 201 milliard yevrolik Rossiya nefti va gazini import qildik. Agar boshqa import tovarlarini qo‘shsak, umumiy summa 311 milliard yevroni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, biz Ukrainani 124 milliard yevro miqdorida kam qo‘llab-quvvatlayapmiz», -deya g‘azablandi Shvetsiya vaziri va jurnalistlarga tegishli jadvalni ko‘rsatdi.

«Bu sharmandalikdan boshqa narsa emas», - deya ta’kidladi u.

Uning fikricha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni va Rossiyaga bosimni oshirmasak, hech qanday oqilona tinchlik muzokaralari bo‘lmaydi.

«Muzlatilgan aktivlardan Ukraina foydasiga foydalanish juda yaxshi boshlanish bo‘lardi», - deya ta’kidladi Mariya Malmer Stenergard.

«Yevropeyskaya pravda» nashrining yozishicha, Rossiya allaqachon Yevropadagi muzlatilgan aktivlarini musodara qilinishiga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqini Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etishga chaqirib, yangi moliyalashtirish Moskva bilan kurashni davom ettirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini aytdi.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqidagi Rosaktivlarning asosiy qismi saqlanadigan Belgiyaning ba’zi ogohlantirishlari tufayli rejaning tasdiqlanishi to‘xtatib turilgandi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanish masalasi kun tartibida qolishini va yakuniy qaror 2025 yil dekabr oyida qabul qilinishini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid