Logo

Amerikaning eng yirik banklaridan biri 1,2 mlrd dollar jarimaga tortildi

Bugun 18:332 daqiqa

Bank pul yuvishga qarshi kurashish talablarini lozim darajada bajarmagan. Shubhali operatsiyalar, jumladan, milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tranzaksiyalar haqida o‘z vaqtida xabar bermagan. Shuningdek, sanksiyaga kiritilgan mijozlarga ham xizmat ko‘rsatgan.

Amerikaning eng yirik banklaridan biri 1,2 mlrd dollar jarimaga tortildi © Ijtimoiy tarmoqlar

AQSH Moliya vazirligi pul yuvishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik va sanksiya talablarini buzgani uchun «Bank of America»ga nisbatan jami 1,21 milliard dollarlik jarimalar qo‘llanganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlikning rasmiy xabarida aytilgan.

Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi (FinCEN) bankni 5 milliard dollardan ortiq shubhali operatsiyalar haqida o‘z vaqtida xabar bermagani uchun jarimaga tortdi. Qayd etilishicha, ushbu mablag‘ning 1 milliard dollardan ortig‘i milliy xavfsizlikka tahdidlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular orasida Xitoydagi pul yuvish tarmoqlarining faoliyati ham bor.

Pul muomalasini nazorat qilish boshqarmasi (OCC) esa moliyaviy operatsiyalarni nazorat qilish tizimidagi kamchiliklar uchun bankka 750 million dollar jarima belgiladi. Regulyator fikricha, bank trillionlab dollarlik operatsiyalar ustidan yetarli nazoratni ta’minlamagan.

Shuningdek, 2024-yilning dekabrida berilgan ko‘rsatmadan keyin ham aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan.

Bundan tashqari, Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) «Bank of America» bilan kelishuv tuzib, bank 475 ta ehtimoliy sanksiya buzilishi bilan bog‘liq holatlar uchun 11,6 million dollar to‘lashiga kelishdi. Bank sanksiya cheklovlarini buzgan holda millionlab dollarlik to‘lovlarni amalga oshirgan.

«Bugungi choralar aniq signal beradi: hatto eng yirik moliyaviy muassasalar ham qonundan ustun emas», — dedi AQSH moliya vaziri Skott Bessent.

FinCEN bilan kelishuv doirasida «Bank of America» AQSHning bank sirlari to‘g‘risidagi qonunini qasddan buzganini tan oldi. Bankka shubhali operatsiyalarni qo‘shimcha tekshirish va moliyaviy nazorat tizimi samaradorligini baholash majburiyati yuklatildi.

Sentyabr oyida Buyuk Britaniya Moliya vazirligi huzuridagi Moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish boshqarmasi (OFSI) «Citibank»ning Londondagi bo‘linmasini (CBNA London) Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzgani uchun 4,7 million funt sterling jarimaga tortgandi.

Regulyatorning aniqlashicha, 2022-yil fevraldan noyabrgacha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli mojaro boshlanganidan keyin, bank Rossiya aktivlarini muzlatish va boshqa cheklovlarni chetlab o‘tgan holda qariyb 19,7 million funt sterlinglik 970 ta to‘lovni amalga oshirgan.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, qoidabuzarliklarning aksariyati sanksiyaga kiritilgan shaxslarga tegishli yoki ular nazorat qiladigan kompaniyalarning hisob raqamlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Rossiya G‘arb sanksiyalarini noqonuniy deb hisoblaydi.

Bahorda OFSI Germaniyaning «Deutsche Bank» banki Londondagi filialini Rossiyaning Okko onlayn-kinoteatriga pul o‘tkazgani uchun 165 ming funt sterling (221 ming dollar) jarimaga tortgandi. Xuddi shunday qoidabuzarlik uchun o‘sha paytda «Apple» kompaniyasining Yevropa bo‘linmasi — «Apple Distribution International» (ADI) ham 390 ming funt sterling jarimaga tortilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Markaziy bank 8 ta bankni jarimaga tortgandi. Bunga ular tomonidan prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid