Logo

Uch yil kutilgan xonadonlar

Bugun 19:195 daqiqa

Yashnobod tumanidagi «Triumph» turarjoy majmuasidan xonadon sotib olgan fuqarolar qurilishning sekinligidan, topshirish muddatlarining qayta-qayta surilayotganidan va aniq javob ololmayotganidan norozi. 28-martdagi reportajimizdan keyin qurilish bir muddat jonlangan, biroq xaridorlarning aytishicha, ishlar yana sekinlashgan. Ayrim oilalar hanuz ijarada yashamoqda, boshqalari esa hali to‘liq tayyor bo‘lmagan xonadonlariga ko‘chib kirishga majbur bo‘lgan.

2026-yil 28-mart kuni Vaqt.uz Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi «Triumph» turarjoy majmuasidan xonadon sotib olgan, biroq uylarini o‘z vaqtida ololmayotgan fuqarolar muammosini yoritgan edi. O‘shanda ma’lum bo‘lishicha, xaridorlar va qurilish bilan shug‘ullangan «RM Minora» MCHJ o‘rtasida investitsiyaviy shartnomalar tuzilgan. Shartnomalarda xonadonlarni 2023-yil 1-dekabrgacha foydalanishga topshirish belgilangan. Biroq bu muddat bajarilmagan.

 

Oradan sakkiz oy o‘tib, 14-oktabr kuni Vaqt.uz muxbiri yana majmuaga bordi. Fuqarolar qurilishda ma’lum o‘zgarishlar bo‘lganini, ammo ular xonadonlarni topshirish uchun yetarli emasligini aytmoqda.

 

«Ikki oy ishlashdi, keyin yana sekinlashdi»

 

Evelina Mochalovaning aytishicha, mart oyidagi reportajdan keyin qurilish dastlab jonlangan. Uning ta’kidlashicha, taxminan ikki oy davomida ishchilar ko‘paygan, ishlar oldinga siljigan. Biroq keyinchalik qurilish yana sekinlashgan.

«Bizga qurilishni sentabrda tugatishni va’da qilishgandi. Mana, shu yilning sentabrida ular butun obyektni to‘liq tugatishni rejalashtirishgandi. Lekin ko‘rib turganingizdek, hech qanday tugatish yo‘q», — deydi u.

Evelinaning so‘zlariga ko‘ra, oilasi uch yildan beri ijarada yashamoqda. Uning kichik farzandi bor, biroq xonadon foydalanishga tayyor bo‘lmagani sababli oilasi o‘z uyiga ko‘chib o‘ta olmayapti.

 

Behzod Maqsudov ham qurilishda oldinga siljish borligini, lekin bu sezilarli darajada emasligini aytadi. Uning ta’kidlashicha, xaridorlar prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Qurilish vazirligi va soliq idoralariga murojaat qilgan.

«Oxirgi murojaatimizdan beri qurilish oldinga siljidi, lekin sezilarli darajada emas. Qurilish juda sekin ketmoqda. Shartnoma bo‘yicha kechikishga uch yil bo‘ldi va uy hali ham topshirilmagan», — deydi u.

Maqsudovning fikricha, xaridorlar muammosini ommaga olib chiqqanidan keyin qurilishda faollik kuzatilgan. U ishlarning muntazam davom etishi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishini talab qilmoqda.

 

Ijara xarajatlari va bitmagan uyda yashashga majbur bo‘lganlar

 

Majmuadagi muammo faqat qurilish muddatining cho‘zilgani bilan cheklanmaydi. Ayrim xaridorlar o‘z uyiga ko‘chib kirishni kutib, yillar davomida ijara to‘lashga majbur bo‘lgan. Boshqalar esa ijara xarajatlarini ko‘tara olmagani sababli hali to‘liq tayyor bo‘lmagan xonadonlariga ko‘chib kirganini aytmoqda.

 

Fuqarolardan biri 2022-yilda ikkita xonadon sotib olganini, ular uchun to‘lovlarni amalga oshirganini va bir necha yil ijara uyda yashaganini bildirdi. Uning aytishicha, ijara uchun har oy olti million so‘m to‘lash oilasiga og‘irlik qilgan.

«Uch-to‘rt oy oldin ko‘chib keldik, chunki ijarada yashash, to‘g‘risini aytsak, jonga tegdi», — deydi u.

Biroq fuqaroning ta’kidlashicha, yangi xonadonda ham muammolar mavjud: gaz yo‘q, kirish-chiqish sharoitlari noqulay, bolalar uchun xavfsiz muhit yetarli emas.

 

Aleksandra Kireyevaning aytishicha, uning oilasi 2023-yil sentabrida 40 kvadrat metrli studiya xonadon sotib olgan. Xonadon o‘sha yilning dekabrida topshirilishi kerak edi. Ammo u turmush o‘rtog‘i va kichik farzandi bilan hanuz ijarada yashayotganini bildirdi.

«Uch yildan beri ijarada yashayapmiz va o‘z kvartiralarimizga ko‘chib kira olmayapmiz», — deydi u.

 

Fuqarolarning aytishicha, majmuadagi ayrim bloklar yashash uchun nisbatan tayyor ko‘rinsa-da, barcha xonadonlar bir xil holatda emas. Shu sababli ular qurilishning qachon tugashi bilan birga, uylarni foydalanishga topshirish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish muddatlarini ham bilishni istamoqda.

 

To‘lov to‘liq amalga oshirilgan, kadastr esa yo‘q

 

Majmuadan xonadon sotib olgan Gulbahor Nazarova 2022-yil 12-avgustda ikki xonali, 52 kvadrat metrli xonadon uchun shartnoma tuzganini aytadi. Unga ko‘ra, dastlab xonadon qiymatining yarmiga yaqinini to‘lagan, qolgan summani esa 2023-yil avgustigacha to‘liq qoplagan.

Uning aytishicha, xonadon uchun umumiy to‘lov qariyb 380 million so‘mni tashkil etgan. Shartnomada uy 2023-yilning to‘rtinchi choragida topshirilishi ko‘zda tutilgan, biroq u hanuz kalit va kadastr hujjatini olmagan.

Gulbahor nogiron farzandi bilan ijarada yashayotganini va buning uchun oyiga 400 dollar to‘layotganini bildirdi.

«Shartnomaga ko‘ra, ham kadastr, ham kalitni olishim kerak edi. Haligacha, mana 2026-yil bo‘ldimi, uch yildan beri muddat kechikyapti», — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, xonadoni ichki holati bo‘yicha ancha tayyor bo‘lsa-da, kadastr hujjatisiz undan to‘liq foydalanish imkoniyati yo‘q. Fuqaro xonadonni hujjatlari bilan olishni yoki shartnomada ko‘zda tutilgan majburiyatlar bajarilishini istamoqda.

 

Andrey Terentev ham majmuada bir nechta xonadon va tijorat binosi borligini, sarmoya kiritgan xaridorlar orasida ijarada yashayotganlar mavjudligini aytadi. Uning fikricha, bu holat nafaqat xaridorlar, balki loyihaga sarmoya kiritganlar oldidagi ishonch masalasiga ham ta’sir qilmoqda.

 

«Triumph» qaysi kompaniyaga tegishli?

 

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Triumph» turarjoy majmuasi qurilishi bilan «RM Minora» MCHJ bog‘liq. Kompaniya 2008-yil 16-mayda ro‘yxatdan o‘tgan. Ochiq korxona ma’lumotlarida uning rahbari Sanjar Djumakulov sifatida ko‘rsatilgan. Qurilish obyektining ochiq pasportida «RM Minora» MCHJ buyurtmachi va pudratchi sifatida qayd etilgan. Hujjatda Aviasozlar ko‘chasidagi turarjoy binosining A, B, V, G, D, E va J bloklari, pastki qavatlardagi savdo majmualari hamda yerosti avtoturargohi tilga olinadi.

 

Ko‘chmas mulk kataloglarida kompaniya «Triumph Residence» loyihasi bilan ko‘rsatilgan. Biz o‘rgangan ochiq manbalarda «RM Minora»ning boshqa qurib bitkazilgan turarjoy majmualari haqida yetarlicha tasdiqlangan ma’lumot topilmadi. Bu kompaniyaning boshqa loyihalari mavjud emasligini anglatmaydi. Mazkur masala bo‘yicha kompaniyaning rasmiy izohi muhim.

 

Qurilish nega sekinlashgan?

 

Xaridorlar qurilish maydonida ishchilar soni kamligini, ishlarning ayrim davrlarda jonlanib, keyin yana sekinlashganini aytmoqda. Dinara Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, qurilishdagi ishchilar soni katta majmua uchun yetarli emas. Uning aytishicha, ishchilar bilan suhbatlarda maoshning vaqtida berilmasligi haqidagi gaplarni eshitgan.

 

Bu ma’lumotlar hozircha fuqarolarning bayonlariga asoslangan. Qurilishning sekinlashishiga moliyalashtirish, pudratchilar bilan hisob-kitoblar yoki boshqa omillar sabab bo‘lgan-bo‘lmaganini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etilmagan.

 

28-martdagi maqolamizda «RM Minora» vakili qurilish ishlari to‘xtamaganini, moliyaviy masalalar o‘rganilayotganini va ishlar tez orada yakunlanishini bildirgan edi.

 

16-oktabr kuni biz kompaniyaga so‘rov yubordik. Unda qurilishning belgilangan muddatda tugallanmagani, hozirgi ishlar holati, xaridorlar oldidagi majburiyatlar va xonadonlarni topshirish muddatlari yuzasidan savollar berildi.

 

Kompaniya vakillari so‘rovga 15 kun ichida javob berilishini ma’lum qildi. Javob kelib tushgach, undagi izohlar va tegishli ma’lumotlarni ham e’lon qilamiz.

 

Hozircha xaridorlarning asosiy talabi o‘zgarmagan: ular xonadonlarini aniq muddatda, tegishli hujjatlari bilan olishni istamoqda. Oradan qariyb uch yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu savolga yakuniy javob kutilmoqda.

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator va montajchi: Miroqil Xayrullayev

 

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 44

Barchasi

Mavzuga oid