
Burun bitishi, aksirish va yo‘tal: Kuz faslida nega allergik kasalliklar avj oladi?
10.09.2025 | 20:4013635
Allergiyaning eng og‘ir belgilarini faqat bahorda kuzatish mumkin, deb o‘ylaysizmi? Aslida kuz oylarida ham bu xastalik kuchayadi. Chunki bu faslda...

Kuz faslida odatda asta-sekin kunlar salqinlashib boraveradi. Oqibatda ko‘pchilikda immunitet susayib, qator kasalliklar avj olishi kuzatiladi. Mavsumiy allergiya — shulardan biri. Xo‘sh, bu xastalik qo‘zg‘alishi qaysi omillar bilan bog‘liq? Uning qanday belgilari bor? Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda ma’lumot berdi.
«Hozircha yog‘in-sochinli kunlar boshlangani yo‘q. Yurtimiz iqlim sharoitida sentyabr, oktyabr va hatto, noyabr oylari ham nisbatan iliq kelishi mumkin», - deydi mutaxassis.
Unga ko‘ra, birinchidan yog‘ingarchik bo‘lguniga qadar o‘simlik changlari o‘z allergik xususiyatini saqlab qolishi tabiiy. Ikkinchi omil esa yomg‘irdan keyin zamburug‘ sporalarining havoga yuqori konsentratsiyada ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Shu sababli bu davrda zamburug‘ga nisbatan allergik holatlarning og‘ir formalari uchraydi.
Razikovaning ta’kidlashicha, uchinchi omil — xazonrezgi. Chunki kuz oylarida daraxt va butalardan to‘kilgan yaproqlarda zamburug‘ sporalari eng ko‘p uchraydi. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mog‘orlagan xonalar hamda yerto‘lalarda ham kuzatiladi.
To‘rtinchi omil — salqin haroratda ko‘pchilik asosiy vaqtini yopiq inshootlar, xonadonlar ichida o‘tkazishi tabiiy. Bunday sharoitda uy changi, it, mushuk singari hayvonlar yungi ham allergik simptomlarni keltirib chiqaradi.
«Burun bitishi, qichishishi yoki ko‘p miqdorda oqishi, ko‘zlarning shishishi, yoshlanishi, aksirish, horg‘inlik va ba’zan yo‘tal mavsumiy allergiyaga xos alomatlardir. Shu kabi belgilar kuzatilgan bemorlar o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishlari tavsiya etiladi. Xususan, markazimizda bunday kasalliklarga ilg‘or usullar orqali aniq tashxislash hamda samarali davolash yo‘lga qo‘yilgan», - deydi mutaxassis.
Qayd etilishicha, profilaktik choralar ham muhim. Xonadonlar hovlisi, ayvonlar, tarnov va mo‘rilarni to‘kilgan barglardan tozalab turish kerak. Hammom, oshxona kabi namlik yuqori joylarda mog‘or hosil bo‘lmasligiga alohida ahamiyat berish zarur.
Shuningdek, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, kon’yunktivit yoki astma belgilari kuchayishi mumkin. Xonalarni tez-tez tozalash va shamollatib turish orqali ham allergik reaksiyalar simptomlarini kamaytirsa bo‘ladi.





