
«Buyruq bor, kesinglar» — Bulung‘urda mingga yaqin daraxt aholiga kestirilgani aytilmoqda
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Oqtepa kanalining rekonstruksiyasi paytida mingga yaqin daraxt kesib tashlangani xabar qilindi.

Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida kanal qurilishi davomida mingga yaqin daraxt kesilgani aytilmoqda. Bu haqda «Zamon» informatsion dasturida xabar berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 23 kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilgan Oqtepa kanalida suv vaqtincha to‘silib, betonlashtirish ishlari boshlangan. Shu vaqt davomida Keldon, Nebo‘sa, O‘roqli, Gulzor va Mingchinor mahallalarida oqib o‘tuvchi kanal bo‘yidagi mingga yaqin darxt kesib tshlangani aytilmoqda.
Kesilgan daraxtlar orasida terak, tol, tut, yong‘oq kabi turlar borligi, ularning moratoriy talablariga zid ravishda yiqitilgani alohida ta’kidlandi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyev bular suv tanqisligi avj olgan bir paytda amalga oshirilganini tanqid qilib: «Turli daraxtlar, jumladan, terak, tol, tut, yong‘oq kabi daraxtlar moratoriy talabiga zid ravishda kesib tashlangani ko‘rinyapti. Qizig‘i shundaki, ayni paytda butun Respublika bo‘yicha suv tanqisligi kuzatilmoqda. Yerosti suvlari, sizot suvlari ham qochgan, ya’ni bir daraxtni ekib qo‘ygandan keyin uning ko‘karishi, bu darajaga olib kelish juda ham qiyin»,— dedi.
Eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan holatlardan biri — ayrim daraxtlarni kanal atrofida istiqomat qiluvchi aholining o‘ziga kestirilgani bo‘ldi.
Fuqarolardan biri kanal nazoratchisi ularga «kesinglar, bizga buyruq berilgan, prezident qarori bor», deya topshiriq berganini aytdi. Bu esa kesish jarayonining qonuniyligi yuzasidan jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Xabarda aytilishicha, kesilgan daraxt tanalari fuqarolarning o‘ziga qoldirilgan, biroq ularning yarim pulini tegishli irrigatsiya tizimi boshqarmasiga to‘lash shart qilib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab joylashgan hududda 174 tup daraxt va buta noqonuniy ravishda kesib tashlangani haqida xabar berilgan edi.





