
Buyuk Britaniya taxtining vorisi «qora shahzoda» yoniga boradi
Shahzoda Uilyamning Saudiya Arabistoniga tashrifi iqtisodiy qiyin vaziyatda Ko‘rfaz davlati bilan aloqalarni mustahkamlash hamda e’tiborni Epshteyn fayllaridan boshqa joyga burishga urinish sifatida ko‘rilmoqda.

Buyuk Britaniya taxtining vorisi, shahzodasi Uilyam bugun, 9-fevral kuni boshlanadigan Saudiya Arabistoniga uch kunlik tashrif davomida valiyahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashadi. Bu tashrif hukumat nomidan amalga oshirilayotgan rasmiy safar bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Shahzodaning tashrifi Buyuk Britaniya moliya vazirining 2025 yilda Saudiya Arabistoniga qilgan safari ortidan amalga oshmoqda. Londonning ma’lum qilishicha, o‘sha tashrif natijasida qiymati 8,71 milliard AQSH dollariga teng savdo va investitsiya kelishuvlari imzolangan.
Kensington saroyinig ma’lum qilishicha, tashrif davomida Uilyam valiyahd shahzoda bilan rasmiy qabulda ishtirok etadi hamda Saudiya Arabistonida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, madaniy tashabbuslar va ekologik dasturlarga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashadi.
Bu Uilyamning valiyahd shahzoda bilan ilk uchrashuvi emas. 2018 yil mart oyida u va otasi – o‘sha paytda Uels shahzodasi bo‘lgan Charlz bin Salmonni Londondagi Klarens-haus qarorgohida kechki ovqatga taklif qilgan. Shu kuni marhum qirolicha Yelizaveta II Saudiya shahzodasi bilan alohida tushlik uchrashuvi ham o‘tkazgan edi.
Saudiya Arabistonidagi tashrif chog‘ida, qirol Charlz IIIning katta o‘g‘li bo‘lgan Uilyam yosh saudiyaliklar bilan uchrashishi, mamlakatning barqaror rivojlanish va shaharsozlik rejalari bilan tanishishi kutilmoqda. Shuningdek, u ayollar sporti, kibersport, tabiatni muhofaza qilish va madaniy hamkorlikka oid loyihalarni ham ko‘zdan kechiradi.
Shahzoda, bundan tashqari, qadimiy arab vohasi – Al-Ula shahriga ham tashrif buyuradi. U yerda u yovvoyi tabiat qo‘riqxonalariga borishi, mahalliy jamoalar bilan uchrashishi va san’at hamda madaniy meros sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi Britaniya madaniy makoni – «Uels shahzodasi uyi»ni tomosha qilishi rejalashtirilgan.
Saudiya valiyahd shahzodasi bugun Uilyamga «UNESCO»ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan At-Turaif majmuasini shaxsan ko‘rsatib chiqadi, shundan so‘ng Britaniya taxti vorisi mamlakat rahbari bilan rasmiy qabulda ishtirok etadi.
Iqtisodiy qiyin vaziyatda qirollik nufuzidan foydalanish
Bu tashrif Londonning Ko‘rfaz davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga intilgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Saudiya va Britaniya qirollik oilalari o‘rtasida uzoq yillardan beri iliq munosabatlar mavjud bo‘lib, Saudiya Arabistoni Buyuk Britaniyaning Ko‘rfaz mintaqasidagi eng muhim strategik sheriklaridan biri hisoblanadi.
11-fevral kuni yakunlanadigan uch kunlik tashrif ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlarning 100 yilligi arafasida «savdo, energetika va investitsiya aloqalari rivojlanib borayotganini» nishonlashni maqsad qilgan.
Marhum qirolicha Yelizaveta II Saudiya qirollik oilasi a’zolarini to‘rt marta davlat tashrifi bilan qabul qilgan – bu Fransiya va Germaniya kabi asosiy ittifoqchilar darajasida hisoblanadi.
Lankaster universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha professori Saymon Mabonning aytishicha, ikki qirollik oila o‘rtasida «ko‘p yillardan beri yaqin aloqalar» mavjud. Uning ta’kidlashicha, Britaniya hukumati iltimosiga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan qiyin vaziyatda Uilyamning faol ishtiroki «qirollik qardoshligi imkoniyatlaridan unumli foydalanishga urinish» sifatida baholanishi mumkin.
E’tiborni shahzoda Endryudan chetga burish
Bu tashrif, shu bilan birga, Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha har kuni oshkor bo‘layotgan yangi ma’lumotlar Buyuk Britaniya qiroli Charlz IIIning obro‘siga putur yetgan ukasi, sobiq shahzoda Endryuga nisbatan bosimni kuchaytirayotgan bir vaqtda amalga oshmoqda.
Qirollik masalalari bo‘yicha sharhlovchi Richard Fitsvilyamsning aytishicha, hukumat Uilyamning diplomatik salohiyatidan foydalanishga intilmoqda – xuddi u 2024 yilda Parijda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashganida bo‘lgani kabi.
«U diplomatiya sohasida juda puxta harakat qiladi, bu esa juda muhim», – dedi Richard Fitsvilyams.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qirollik oilasi bu tashrif orqali o‘tgan hafta Epshteyn bilan bog‘liq oshkorotlardan e’tiborni boshqa tomonga burishga umid qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi hujjatlar e’lon qilinishi qirol Charlzni Endryuning London g‘arbidagi Vindzor qirollik mulkida joylashgan 30 xonali qasrni tark etishini tezlashtirishga majbur qilgan.
65 yoshli Endryu, o‘zining aybdorligini qat’iyan rad etishiga qaramay, 2019 yilda qamoqda vafot etgan, jinsiy jinoyatlar uchun mahkum etilgan Epshteyn bilan do‘stligi sabab qirollik unvonlaridan mahrum etilgan.
Fitsvilyamsning aytishicha, eng yomon holat – tashrif paytida ommaviy axborot vositalariga yoqadigan noxush tasvirlar tasodifan tarqalib ketishi bo‘lishi mumkin.
«Juda oldindan rejalashtirilgan qirollik tadbirlari joriy yangiliklar soyasida qolib ketishi xavfi har doim bor», – dedi u.
Saudiya poytaxti Ar-Riyodga so‘nggi marta rasmiy tashrif buyurgan yuqori martabali qirollik vakili Uilyamning otasi – hozirgi qirol Charlz III bo‘lib, u 2014 yil fevral oyida Uels shahzodasi sifatida tashrif buyurgan edi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer esa 2024 yil dekabr oyida Ar-Riyodda valiyahd shahzoda bilan uchrashgan.





