add

Buyuk Britaniyada doimiy istiqomat uchun kutish 20 yilgacha uzaytirilmoqda

Bugun 18:392031 Daqiqa

Avvalgi 5 yillik muddat 10 va hatto 20 yilgacha oshiriladi. Yangilangan qoidalar 2026 yildan kuchga kiradi.

Buyuk Britaniyada doimiy istiqomat uchun kutish 20 yilgacha uzaytirilmoqda

Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud mamlakatda qonuniy ravishda yashovchi muhojirlar uchun doimiy yashash huquqini (ILR — Indefinite Leave to Remain) olish talablari jiddiy ravishda o‘zgartirilishini ma’lum qildi. Bu o‘zgarishlar 2026 yil bahoridan kuchga kirishi rejalashtirilmoqda.

Hozirgi kunda ILR olish uchun kerakli muddat 5 yil bo‘lsa, 2021 yildan keyin Britaniyaga kirgan taxminan 1,6 mln muhojir uchun bu muddat 10 yilga, ba’zi holatlarda esa 20 yilgacha oshiriladi. Bu Yevropadagi eng uzoq kutiluvchi muddat hisoblanadi.

Yangi rejaga ko‘ra, so‘nggi 12 oyda qisqa muddatli ijtimoiy yordam olgan muhojirlar 15 yil, 12 oydan ko‘p ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lganlar esa 20 yil kutishga majbur bo‘lishadi. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat vizasi bilan kelganlar uchun ham muddat 5 yildan 15 yilga uzaytiriladi.

Vazir Mahmud doimiy yashash huquqi «haq» emas, «sharaf» ekanini ta’kidlab, yangi tizim jamiyatga moslashuv, iqtisodiy hissa va yaxshi xulq kabi mezonlarga asoslanishini bildirdi.

Yangi talablarga ko‘ra, murojaat qiluvchilar kamida litsey darajasida ingliz tilini bilishi, jinoiy o‘tmishi toza bo‘lishi va so‘nggi 3 yil davomida yillik 12 570 funt sterling daromad ko‘rsatishi shart. Avtomatik ravishda oila a’zolariga ham huquq berilmaydi — 18 yoshdan kichik bolalar uchun alohida ariza topshirish kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya milliy sog‘liqni saqlash tizimida (NHS) ishlovchi shifokor va hamshiralar ILR huquqini 5 yilda, yuqori daromadli va tadbirkor muhojirlar esa 3 yilda olishlari mumkin bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

Buyuk Britaniyada doimiy istiqomat uchun kutish 20 yilgacha uzaytirilmoqda | Vaqt.uz