«BYD» 22 mamlakatda «Tesla»dan o‘zib ketdi

04.03.2026 | 17:202 daqiqa

Xitoy avtogiganti so‘nggi 5 yil ichida elektromobillar bozorida keskin ustunlikka erishib, bir qator mamlakatlarda amerikalik raqibini ortda qoldirdi.

«BYD» 22 mamlakatda «Tesla»dan o‘zib ketdi

2020–2025 yillar oralig‘ida elektromobillar savdosi bo‘yicha Xitoyning «BYD» kompaniyasi 22 mamlakatda Tesla’dan o‘zib ketdi. Bu haqda S&P Global Mobility ma’lumotlariga tayangan holda «Nikkei Asia» nashri xabar berdi.

2025 yil yakuniga ko‘ra, «BYD» ilk bor «Tesla»ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil yetkazib beruvchiga aylandi.

Amerikaning «Tesla» kompaniyasi yetkazib berish hajmi yillik hisobda 8,6 foizga kamayib, 2024 yildagi 1,79 mln donadan 2025 yilda 1,64 mln donaga tushdi. Shu davrda BYD savdosi 28 foizga o‘sib, 2,26 mln elektromobilga yetdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, xitoylik ishlab chiqaruvchi raqobatda ustunlikni asosan akkumulatorlar va asosiy komponentlarni o‘z korxonalarida ishlab chiqarishi orqali saqlab qolmoqda. Bu esa mahsulot narxini nisbatan arzon darajada ushlab turish imkonini beradi.

Kompaniya Yevropa bozorlarida ham faol pozitsiyani egallamoqda. Xususan, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Italiya kabi mamlakatlarda «BYD» savdosi «Tesla»dan yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Shuningdek, qimmatbaho avtomobillar ulushi yuqori bo‘lgan Gonkong va Singapurda ham xitoylik brend yetakchilikka chiqqan.

Biroq Shimoliy Amerika bozorida kompaniya muayyan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. AQSHning tarif siyosati va prezident Donald Tramp ma’muriyati bosimi sabab «BYD» 2025 yilda Meksikada zavod qurish rejasidan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Shu bilan birga, kompaniya global kengayishni davom ettirmoqda. Xitoy ichki bozorida talab biroz sekinlashganiga qaramay, «BYD» xorijiy ishlab chiqarishni kengaytirishga urinmoqda. Masalan, 2025 yilda kompaniya Xitoyda qariyb 3,5 mln avtomobil sotgan bo‘lsa-da, bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga kam.

Kompaniya eksportga tayangan modeldan bosqichma-bosqich mahalliy ishlab chiqarishga o‘tmoqda. Jumladan, Tailand va Braziliyada ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, 2026 yilda esa Vengriyada yangi zavod ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «BYD» 2025 yilda 4,6 mln mashina sotib, «Ford»ni jahon reytingida bir pog‘ona pastga tushirganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

«BYD» 22 mamlakatda «Tesla»dan o‘zib ketdi | Vaqt.uz