add

ChatGPTdan haftasiga 700 millionga yaqin odam foydalanmoqda

05.08.2025 | 17:007993

OpenAI ma’lumotiga ko‘ra, joriy haftada haftalik faol ChatGPT foydalanuvchilar soni 700 millionga yetishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida to‘rt barobar o‘sishni anglatadi.

ChatGPTdan haftasiga 700 millionga yaqin odam foydalanmoqda
OpenAI vitse-prezidenti va ChatGPT ilovasi rahbari Nik Turleyning ta’kidlashicha, mart oyi oxirida bu ko‘rsatkich 500 millionni tashkil etgan edi. Bir yil ichida esa ilovadan foydalanuvchilar soni to‘rt baravarga oshgan. Turley ijtimoiy tarmoqdagi xabarda: «Har kuni odamlar va jamoalar o‘rganmoqda, yaratayapti va murakkabroq muammolarni hal qilmoqda. Katta hafta oldimizda», — deb yozadi. Kompaniyaning ommalashishi mart oyida GPT-4 asosida yangilangan tasvir yaratish funksiyasi ishga tushirilgandan so‘ng sezilarli darajada ortgan. Aprel oyi boshida OpenAI bosh operatsiyalar direktori Bred Laytkapning aytishicha, ishga tushirilgandan keyingi bir necha kunda 130 milliondan ortiq foydalanuvchi jami 700 milliondan ko‘p tasvir yaratgan. Obunalar soni ham ko‘paygan. Laytkapning ma’lumoticha, ChatGPTning to‘lovli biznes obunachilari joriy haftada 5 million nafarga yetgan, iyun oyida esa bu ko‘rsatkich 3 millionni tashkil etgan edi. Sensor Tower tahlil shirkati xisobotida qayd etilishicha, 2025 yilning birinchi yarmida ChatGPT foydalanuvchilari ilovadan oyiga o‘rtacha 12 kun foydalangan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Google va Xdan keyin uchinchi o‘rinda turibdi. Foydalanuvchilar ilovada kuniga o‘rtacha 16 daqiqa vaqt sarflagan.

Teglar

Mavzuga oid

ChatGPTdan haftasiga 700 millionga yaqin odam foydalanmoqda | Vaqt.uz