
Chevrolet Malibu shartnomalari bir soat ichida tugadi
29.05.2025 | 17:1020943
UzAuto Motors 29 may kuni Chevrolet Malibu XL avtomobili uchun qayta shartnoma qabul qilishni boshladi va bir soat ichida barcha shartnomalar tugaganini ma’lum qildi.

29 may kuni soat 14:40 da UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Malibu XL avtomobili uchun kontraktatsiya qayta boshlanganini e’lon qildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mijozlarga kerakli rang va modifikatsiyani tanlash imkoni berilgan.
Biroq ortiqcha vaqt o‘tmasdan, aniqrog‘i, soat 15:22 da barcha shartnomalar yakunlangani to‘g‘risida rasmiy xabar berildi. Kompaniya tomonidan nechta shartnoma tuzilgani haqida ma’lumot ochiqlanmagan.
Shu bilan birga, 14:58 holatida ham Uzavtosavdo.uz sayti orqali Malibu XL uchun shartnoma tuzish imkoni mavjud emas edi. Bu holat avtomobil sotuvi juda tez yakunlanganini tasdiqlaydi.
Ma’lumot uchun, Malibu XL modelining kontraktatsiyasi 2024 yil aprel oyi boshida to‘xtatilgan edi. «Yangilangan» Malibu sotuvi ilk bor 2023 yil martda boshlangan bo‘lib, rasman 3 xil komplektatsiya taklif qilingan: XL 1LT – 375 mln so‘m, XL 2LT – 390 mln so‘m va XL LTZ – 419 mln so‘m. Lekin amalda faqat eng qimmat komplektatsiya — LTZ sotuvda mavjud bo‘lgan.
Shu yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda yangi Malibu-2 avtomobillari aks etgan video tarqalgach, UzAuto Motors bu modellar Xitoydan olib kelinayotganini tasdiqlagan.





