
Chexiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
Chexiya bosh vaziri bolalar salomatligi va ruhiyatini himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov joriy etishni qo‘llab-quvvatladi.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlar bolalar uchun jiddiy zararli ekanini ta’kidlamoqda va davlat ularni himoya qilishi shart. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Babish bu haqda yakshanba kuni o‘zining bir nechta ijtimoiy tarmoqlarda joylangan videomurojaatida bildirdi. U aniq mexanizmlar yoki taqiq qaysi platformalarni qamrab olishi haqida tafsilot keltirmagan. Shu bilan birga, bolalar xavfsizligi masalasi hukumat kun tartibida ustuvor ekanini ta’kidlagan.
Keyinchalik Chexiya hukumatining birinchi vitse-premeri Karel Gavlichek mamlakatda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga cheklov joriy etish imkoniyati jiddiy ko‘rib chiqilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, agar qaror qabul qilinsa, tegishli qonun loyihasi joriy yilning o‘zida parlamentga kiritilishi mumkin.
Chexiyadagi bu muhokamalar Yevropa bo‘ylab kuchayib borayotgan tendensiyaning bir qismi hisoblanadi. Ispaniya, Gretsiya, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi davlatlar ham bolalar va o‘smirlar orasida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu holat texnologiyalarning bolalar ruhiy holati va rivojiga salbiy ta’siri haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq.
Xususan, Avstraliya 2025 yil dekabr oyida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan ilk davlatga aylandi. Bu qaror xalqaro miqyosda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va boshqa mamlakatlarda ham o‘xshash tashabbuslarga turtki berdi.
Mutaxassislar fikricha, ekran oldida o‘tkazilayotgan vaqtning ortishi bolalarning ruhiy salomatligi va ijtimoiy rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, Chexiya hukumati tomonidan ko‘rilayotgan ehtimoliy cheklovlar nafaqat milliy, balki umumevropa siyosatining bir qismi sifatida baholanmoqda.





