
Chikungunya bezgagi O‘zbekistonga xavf solmaydi — Sanepidqo‘mita
06.08.2025 | 10:4515393
Xitoyda qayd etilgan chikungunya bezgagi yurtimiz aholisi uchun xavf tug‘dirmasligini ma’lum qilmoqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi.

Xitoyning Guangdong provinsiyasida bir hafta ichida chikungunya isitmasi bilan kasallanishning 2892 ta yangi holati aniqlangani haqida xabar bergan edik. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu virusni tarqatuvchi «Aedes aegypti» va «Aedes albopictus» turiga mansub chivinlar O‘zbekiston tabiiy muhitida uchramaydi. Shu bois, infeksiyaning tabiiy yo‘l bilan kirib kelishi ehtimoli yo‘q.
Chikungunya bezgagi asosan ushbu tropik va subtropik mintaqalarda yashovchi chivinlar chaqishi orqali yuqadi. Bemorlarda yuqori harorat, mushak va bo‘g‘im og‘riqlari, toshmalar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Kasallik ko‘p hollarda hayot uchun xavfli bo‘lmasa-da, og‘ir holatlarda tibbiy yordam talab qiladi.
Qo‘mita mutasaddilari O‘zbekistonda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Xususan, chivinlar va boshqa qon so‘ruvchi hasharotlar populyatsiyasini nazorat qilish, aholini xabardor qilish, chegara hududlarda sanitariya nazoratini kuchaytirish ishlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni uy va atrof-muhitda chivinlar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik, tozalikka rioya qilish va zarurat tug‘ilganda himoya vositalaridan foydalanishga chaqirdi.





