
Chilonzorda 340 mln dollarlik turar joy binosi va biznes markazi quriladi
24.07.2025 | 16:1533323
Xitoyning TSC-HK-Investment kompaniyasi Toshkent shahrining Chilonzor tumanida umumiy qiymati 340 mln dollarga teng bo‘lgan turar joy va biznes markazi qurishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, tumanda 250 mln dollarlik besh yulduzli mehmonxona ham barpo etiladi.

Chilonzor tumanida xalqaro standartlarga asoslangan uch yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Shu doirada 22 iyul kuni tuman hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev Turkiyaning Policy Analytics Lab va Helezon kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Yig‘ilishda hududda amalga oshirilgan va rejalashtirilgan yirik loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu loyihalar orasida ikki yirik ob’ekt — TSC-HK-Investment tomonidan quriladigan ikki minorali turar joy va biznes markazi hamda PD Estates amalga oshirayotgan besh yulduzli Ritz Carlton mehmonxonasi alohida o‘rin tutadi.
TSC-HK-Investment kompaniyasi Katta Qo‘zirobod mahallasida 357 ming metr kvadrat maydondagi qurilishga 340 mln dollar sarmoya kiritmoqchi. Har biri kamida 30 qavatli ikkita minoradan iborat bo‘ladi. Shu bilan birga, mazkur hududda shahar bosh rejasiga ko‘ra baland binolar qurilishi taqiqlangani qayd etilgan.
Bundan tashqari, Beshyog‘och mahallasining Seul ko‘chasida 250 ming metr kvadrat maydonda 250 mln dollarlik besh yulduzli mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyiha Ozarboyjonning PD Estates kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi va 2026 yilda yakunlanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, TSC-HK-Investment 2019 yilda tashkil etilgan va kompaniya ustav kapitali 278,4 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Unga WDF International Limited va St. Wonderful International Group Limited kompaniyalari egalik qiladi. Shu Chun Sian rahbarlik qiladi.





