Chiqindi xizmatidan qarzdor 199 mingta abonentning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatildi
O‘zbekiston bo‘yicha chiqindi xizmatidan qarzdorligini qoplanmagan umumiy 108,9 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 1 174 686 ta abonent «2100» qisqa raqamidan SMS xabarnoma orqali ogohlantirilgan.

Chiqindi xizmatidan 15,8 mlrd so‘m qarzdorlik tufayli elektr to‘lovlariga vaqtincha cheklov joriy etildi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qilishicha, 5-fevral holatiga respublika bo‘yicha chiqindi xizmati uchun to‘lanmagan qarzdorlik 108,9 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu munosabat bilan 1 174 686 nafar abonent «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «2100» qisqa raqamidan SMS-xabarnoma orqali ogohlantirilgan.
Abonentlarga qarzni ixtiyoriy tartibda qoplash uchun 5 kun muddat berilgan. Ushbu davr mobaynida 12,7 mlrd so‘mlik to‘lov amalga oshirilgan. Biroq qarzdorlik to‘liq bartaraf etilmagani sababli qo‘shimcha choralar ko‘rilgan.
Hozirda 15,8 mlrd so‘m miqdoridagi chiqindi xizmati qarzdorligi saqlanib qolgan 198 858 nafar abonentning elektr energiyasi uchun to‘lovlariga vaqtincha cheklov o‘rnatilgan. Agentlik ta’kidlashicha, qarzdorlik qoplanishi bilan cheklov darhol bekor qilinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1044-sonli Qonun asosida chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomi tartibga solingan. Har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar haqidagi ma’lumotlar «Toza makon» billing tizimidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tizimiga uzatiladi. Ushbu tartib 2025 yil 30-iyungacha shakllangan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi.
2025 yil 1-iyuldan keyin yuzaga kelgan qarzdorliklar bo‘yicha cheklov choralari 5-noyabrdan qo‘llanila boshlangan. Shuningdek, 2026 yil 1-yanvardan chiqindi xizmati uchun to‘lovlar faqat ko‘rsatilgan xizmatlar asosida onlayn tarzda amalga oshirilishi belgilangan.
Agentlik fuqarolarni to‘lov intizomiga rioya qilishga chaqirib, sohadagi taklif va shikoyatlar bo‘yicha «1205» qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkinligini bildirdi.





