
Chiqindidan qarzdorlar svetga pul to‘lolmaydi: bu nechog‘lik mantiqli?
18.07.2025 | 17:3094311
1 avgustdan e’tiboran chiqindidan qarzdor aholi elektr tarmog‘iga to‘lov qilishdan mahrum bo‘ladi. Bu tartib chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha fuqarolarda to‘lov intizomini kuchaytirish maqsadida joriy qilinmoqda. Yangi tartib ish beradimi?

Xo‘sh, nega aynan chiqindi xizmatlarining to‘lovlari bevosita elektr energiyasi bilan bog‘landi?
Aholi orasida turli kommunal to‘lovlar qatori chiqindi to‘plash va uni olib ketish xizmatlariga ham loqaydlik va bepisandlik bilan qarab, uzoq yillardan buyon to‘lovni amalga oshirmay kelayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Bu masalani ijobiy hal qilish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilar to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sog‘asida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1044 sonli qonuni qabul qilindi. Aniqroq qilib aytganda, chiqindi to‘lovlarini yig‘ishda elektr energiyasi to‘lovini cheklash orqali erishish eng samarali yo‘l sifatida ko‘rsatilmoqda.
Ko‘zlangan maqsadga erishishda Ekologiya vazirligi tomonidan «Toza makon» billing tizimi taqdim etilmoqda.
«Toza makon» tizimi qanday ishlaydi?
Billing bazasiga har bir xonadonda mavjud fuqarolar soni kiritilgan tizim bo‘lib, bu orqali iste’molchi qarzdorligi hisoblab boriladi.
Unga ko‘ra har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining «Toza makon» billing elektron tizimidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning billing tizimiga uzatiladi. So‘ngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «2100» qisqa raqami orqali «SMS» xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 (besh) kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida to‘lanishi lozim. Aks holda, iste’molchi tomonidan qarzdorlik to‘dhlanmasa, elektr energiya uchun to‘lov qilish cheklanadi. Qarzdorlik bartaraf etilishi bilan cheklov bekor qilinadi.
Ushbu tartib 2025 yil 30 iyul kuniga qadar tadbiq etilmaydi, rasman 1 avgust sanasidan tizim ishga tushadi. Chiqindidan bir oy davomida to‘lanmagan qarzdorlik ham elektr energiyasining cheklanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«Hozirda tizim mamlakat aholisining 80 foizini qamrab olgan. Yangi billing tizimida hududdagi obodonlashtirish xizmati mashinasi kirgani GPS orqali tasdiqlansagina ularning hisobiga mablag‘ tushadi. Masalan, fuqaro chiqindi uchun to‘lov qilsa, lekin mas’ul tashkilot shu hududga kirmasa, ular hisobiga pul o‘tkazilmaydi. Iste’molchining puli esa ma’naviy zarar bilan birga qoplab beriladi. Tizim ishga tushganidan so‘ng har bir mahalladan motorollerlar yordamida chiqindilarni olib chiqib ketish yo‘lga qo‘yiladi. Dastlab 70 ta motoroller olish rejalashtirilgan. Ular mahalladagi qayta yuklash stansiyasiga olib boradi. Biz chiqindi yig‘uvchi operatorlarni nazorat qilamiz. Shunningdek, bizda qarzdorlikni qayta ko‘rib chiqish xizmati mavjud. Chunki odam soni o‘zgaruvchan. Kimdir vafot etishi, tug‘ilishi mumkin», dedi Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov Kun.uz studiyasida o‘tkazilgan davra suhbatida.
Tizimdagi afzaliklar
Avvalgi tizimda chiqindi xizmatlari to‘liq bajariladimi-yo‘qmi, aholining qarzdorligi maxsus operatorlar tomonidan qayd etib borilgan.
Ma’lumki, barcha tizimlarda hisoblash uskunalari mavjud, chindilarda esa mavjud emas. Endilikda ushbu tizim to‘liq elektronlashtirildi. U orqali yangi tug‘ilgan shaxs ro‘yxatga qo‘shilib, vafot etganlarni chiqarib yuborish mumkin bo‘ladi. Ushbu tizimda operatorlar ishlari ham baholab boriladi.
Ushbu qonun joriy etilishi aholi uchun ortiqcha yukmi?
Bu holatga iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov o‘z munosabatini bildirib, 2017-2018 yillarda elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti xizmatlari bo‘yicha hech qanday raqamlashtirish mavjud bo‘lmaganini yodga oldi.
«Ayni o‘sha davrda elektr energiya sohasida eng katta o‘g‘riliklar, aholi bo‘yniga qarzdorliklarni yozib yuborish bilan bog‘liq holatlar bo‘lgan. Kommunal tizimni raqamlashtirish orqali bularning barchasi soxta, uydirma qarzdorlik ekanligi oydinlashdi.
Shular kabi chiqindi tizimini ham raqamlashtirish, shartnoma tuzib olish kerak. Oddiy iste’molchi sifatida aytamanki, men bilan hali hech kim bu kabi shartnomani tuzmagan, lekin qayerlardadir meni qarzdorligim bo‘lishi mumkin. Bizdagi eng asosiy muammo shaxsiy identifikatsiya va shartnomaninng yo‘qligida», — dedi Otabek Bakirov.
Ya’ni, billing tizim adolatli ishga tushishi, aholi gardaniga asossiz qarzdorlik yozilmasligi, buning oqibatida chirog‘i o‘chmasligi uchun har bitta xonadon bilan shartnoma imzolanishi, xonadonda yashovchi odam soni aniqlashtirilishi, qarzdorlik qoldig‘i yoki oldindan to‘lovlar solishtirma dalolatnoma bilan tasdiqlanishi, ana shundan so‘ng HET bilan hamkorlikdagi avtomatik billing tizim ishga tushirilishi lozim edi.
Hozir bu ishlar yetarlicha bajarilmagan aholi o‘rtasida juda katta e’tirozlar va noroziliklar keltirib chiqarishi tayin. Bunday e’tirozlarni o‘z vaqtida aniqlab bartaraf etishga agentlikning kuchi ham, resursi ham yetmasa kerak.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston aholisining 26 millioni chiqindi xizmatlaridan foydalanadi. Ulardan 7 millioni rasman shartnoma qilgan.
Hozirda kunga kelib Chiqindilarni boshqarish agentligiga bir kunda 137 ta iste’molchidan shikoyatlar kelib tushadi. Har bir hudduda esa Call-markazlar tashkil etilgan. Tashkilot bilan bog‘lanish uchun 1205 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish kifoya.
Gulnora Shermatova tayyorladi.





