
«Cho‘l-adirlarni o‘zlashtirishimizga shubha qilganlar shu bog‘ni kelib ko‘rsin» — Prezident
20.06.2025 | 10:4045833
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumaniga tashrifi chog‘ida turizm markazi hamda agroturizm bog‘i majmuasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati. Bu loyihalar orqali viloyat iqtisodiyotiga katta turtki berish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Miraki mahallasini qamrab olgan 240 gektarli maskanada 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilyapti. Bu yerda 1 700 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Zamonaviy mehmonxonalar, xostellar, piyoda va velosiped yo‘laklari, bolalar maydonchasi, eko yo‘l va savdo shoxobchalari tashkil etilgan.
“Miraki Spa and Resort” dam olish hududi yiliga 300 ming sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mirakiga olib boruvchi va mahalla ichidagi yo‘llar ta’mirlanib, muhandislik kommunikatsiyalari yaxshilangan. Yanada ko‘proq sayyohlarni jalb etish maqsadida Hisorak suv ombori yaqinidagi tepalikda restoran va ikki kilometrli dor yo‘li barpo etilgan.
Shuningdek, Prezident agroturizm salohiyatini kuchaytirishga ham e’tibor qaratdi. Ilgari quruq qir-adir bo‘lgan 520 gektarlik yerda tomchilatib sug‘orish orqali mevali bog‘ va uzumzorlar barpo etildi. Bu yerda Fransiyadan keltirilgan navlar yetishtirilib, yillik 7,5 ming tonna hosil olinishi rejalashtirilgan. Eksport quvvati 5 mln dollarga teng bo‘lgan loyiha 1 100 ishchi o‘rnini yaratadi.
Bog‘ hududida 120 o‘rinli restoran, 100 o‘rinli mehmonxona, agrologistika markazi va qayta ishlash infratuzilmalari qurilmoqda. Prezident bu kabi bog‘larni kengaytirish va aholiga taqsimlash orqali daromad manbalari yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.





