add

Citi bitkoin narxi 2026 yilda 143 ming dollarga yetishini kutmoqda

Bugun 09:28872 daqiqa

Citi tahlilchilariga ko‘ra, ETFlarga kapital oqimi saqlanib qolsa, bitkoin 2026 yilda 143 ming dollargacha qimmatlab, joriy narxdan 62 foiz yuqori bo‘lishi mumkin.

Citi bitkoin narxi 2026 yilda 143 ming dollarga yetishini kutmoqda

Citi banki tahlilchilari bitkoin narxi bo‘yicha yangi prognozni e’lon qildi. Bankning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, dunyodagi eng yirik kriptovalyuta 2026 yilda 143 ming dollargacha qimmatlashi mumkin. Bu 19-dekabr holatiga ko‘ra qayd etilgan taxminan 88 ming dollarlik narxdan 62 foizdan ortiq o‘sishni anglatadi.

MarketWatchʼning xabar qilishicha, Citi bitkoin narxining o‘sishini, avvalo, kriptovalyutaga bog‘liq birja fondlariga (ETF) kapital oqimi saqlanib qolishi bilan izohlamoqda. Bank tahlilchilari ETFlar orqali qo‘shimcha 15 mlrd dollar sarmoya kirib kelishi bitkoin qiymatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Optimistik ssenariyda Citi bitkoin 189 ming dollardan oshishi mumkinligini istisno qilmaydi. Bu holda kriptovalyuta joriy narxiga nisbatan 114 foizga qimmatlaydi. Shu bilan birga, pessimistik ssenariy ham mavjud: makroiqtisodiy retsessiya sharoitida bitkoin 78 500 dollar darajasigacha tushib ketishi mumkin.

Citi tahlilchilari prognozga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yana bir omilga e’tibor qaratmoqda. AQSH Kongressida kriptovalyutalarni tartibga solishga qaratilgan Clarity Act qonuni muhokama qilinmoqda. Agar ushbu hujjat qabul qilinsa, bitkoin AQSHda tovar fyucherslari savdosini nazorat qiluvchi organ vakolatiga o‘tadi. Bu esa institutsional investorlar uchun qo‘shimcha aniqlik va ishonch yaratishi mumkin.

Ethereum bo‘yicha Citi ancha ehtiyotkor pozitsiyani egallamoqda. Bank fikricha, ETH iqtisodiy faollikka ko‘proq bog‘liq bo‘lib, uning qo‘llanish doirasi kengaymagani o‘sish salohiyatini cheklab qo‘ymoqda.

Ayni paytda bitkoin oktabr oyida qayd etilgan rekord darajadan qariyb 30 foiz past savdolanmoqda. Shuningdek, u 2025 yil boshidagi narxidan ham taxminan 7 foiz arzon. Biroq ETF bozoridagi keskin mablag‘ chiqishlari so‘nggi paytda barqarorlashgani bozor uchun muhim signal sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid