add

Citi: Sun’iy intellekt fond bozorining asosiy drayveri bo‘lib qoladi

Kecha 18:381782 daqiqa

Citigroup 2026 yil oxiriga kelib S&P 500 indeksi 7700 punktga yetishini kutmoqda va o‘sishning asosiy omili sifatida sun’iy intellektni ko‘rmoqda.

Citi: Sun’iy intellekt fond bozorining asosiy drayveri bo‘lib qoladi

Dunyodagi eng yirik investitsiya banklaridan biri — Citigroup (Citi) 2026 yil oxiriga kelib AQSHning asosiy fond indeksi S&P 500 7700 punktga yetishini prognoz qildi. Reuters’ning 15-dekabr kuni xabar berishicha, bank tahlilchilari AQSH bozori o‘sishi kuchli korporativ daromadlar va sun’iy intellektga yirik investitsiyalar hisobiga davom etishiga ishonmoqda.

Citi tahliliy hisobotida ta’kidlanishicha, 2026 yilda ham sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish fond bozorining markaziy mavzusi bo‘lib qoladi. Biroq investorlar strategiyasi o‘zgarmoqda. Agar avval SI texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar asosiy e’tibor markazida bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu texnologiyalarni biznes jarayonlariga faol joriy etayotgan kompaniyalar ustuvor ahamiyat kasb etadi.

7700 punktlik prognoz S&P 500 indeksi uchun joriy savdo yopilish darajasi — 6 827,41 punktga nisbatan 12,7 foizlik o‘sishni anglatadi. Citi, shuningdek, indeks tarkibiga kiruvchi kompaniyalarning aksiyaga to‘g‘ri keladigan umumiy foydasi (EPS) 2026 yil yakunida 320 dollarga yetishini kutmoqda. Bu bozordagi o‘rtacha konsensus prognoz —310 dollardan yuqori.

Bank tahlilchilari bazaviy ssenariydan tashqari yana ikki variantni ham ko‘rib chiqqan. Optimistik ssenariyda S&P 500 indeksi 8300 punktgacha ko‘tarilishi mumkin. Pessimistik holatda esa indeks 5700 punktgacha pasayishi ehtimoli mavjud.

Joriy yilda S&P 500 allaqachon 16 foizga o‘sdi. Bu o‘sish sun’iy intellekt atrofidagi eyforiya va foiz stavkalarining pasayishiga oid kutilmalar bilan bog‘liq. Ayrim ekspertlar bozor «qizib ketgani» va SI aktivlari ortiqcha baholangani haqida ogohlantirayotganiga qaramay, Citi vaziyatga nisbatan ehtiyotkor optimizmni saqlab qolmoqda.

Shu bilan birga, tahlilchilar hozirgi «buqa bozori» to‘rtinchi yilga kirib borayotganini eslatib, 2026 yil davomida volatillik keskin oshishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.

Teglar

Mavzuga oid