add

«CitiBank AS» O‘zbekistonda rasman vakolatxonasini ochdi

15.07.2025 | 10:404563

Markaziy bank tomonidan Turkiyadagi CitiBank AS vakolatxonasi akkreditatsiya qilinib, O‘zbekiston moliya bozorida faoliyat yuritish huquqini oldi. Bu xalqaro moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish va xorijiy sarmoyani jalb qilishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.

«CitiBank AS» O‘zbekistonda rasman vakolatxonasini ochdi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki «CitiBank AS» bankining Toshkentdagi vakolatxonasini rasman akkreditatsiya qildi. Mazkur qaror orqali xalqaro bank mamlakatda moliya bozorini o‘rganish va mahalliy moliyaviy tashkilotlar bilan aloqalarni kengaytirish imkoniga ega bo‘ldi. Markaziy bank reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, «CitiBank AS» vakolatxonasiga berilgan akkreditatsiya 2028 yil 9 iyulga qadar amal qiladi. Vakolatxona rahbari sifatida Abbos Jo‘raboyev ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, «CitiBank AS» — AQSHning «CitiBank» moliya guruhiga tegishli bo‘lib, Turkiyadagi rasmiy filiali hisoblanadi. Joriy yil iyun oyida «Citigroup» kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishini e’lon qilgan va bu jarayon Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda «Citigroup» delegatsiyasi o‘rtasidagi muzokaralar orqali amalga oshirilgan. Tomonlar DXSh loyihalari, eksportni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya jalbi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olgan. Ushbu jarayon 2023 yil kuzida Nyu-Yorkda Prezident Shavkat Mirziyoyev va «Citigroup» raisi Jon Dugan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda belgilangan maqsadlarning amaliy ifodasidir. Unda moliya bozorini rivojlantirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida likvidlikni oshirish va xorijiy sarmoya jalb qilish masalalari muhokama qilingan edi. Ayni vaqtda O‘zbekistonda 8 ta xorijiy bank vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Ular orasida Janubiy Koreya, Germaniya, AQSH, Rossiya va Xitoy banklarining ofislari mavjud. Eslatib o‘tamiz, yaqinda Tojikistonning «Oriyonbank» vakolatxonasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Teglar

Mavzuga oid

«CitiBank AS» O‘zbekistonda rasman vakolatxonasini ochdi | Vaqt.uz