
«Citigroup» Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochishni mo‘ljallamoqda
26.06.2025 | 17:0047633
AQSHning yetakchi moliyaviy kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish niyatida.

«Citigroup» korporatsiyasi yaqin kunlarda Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 25 iyun kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilindi.
Uchrashuvda «Citigroup» ning mijozlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktori Devid Livingston boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish hamda davlat-xususiy sheriklikka asoslangan loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
«Citigroup» nafaqat vakolatxona ochish, balki mahalliy bozordagi ishtirokini faollashtirish niyatida ekanini bildirdi. Mazkur kompaniya so‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro moliya bozoriga chiqish jarayonlarida faol ishtirok etgan.
Xususan, «Navoiyuran» tomonidan chiqarilishi rejalashtirilayotgan 300 million yevroga teng yevrobondlarni «Citigroup» xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda joylashtirishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» chiqargan 500 million dollarlik obligatsiyalar bo‘yicha asosiy joylashtiruvchi sifatida ham «Citigroup» faoliyat yuritgan.
Citigroupning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi mamlakatdagi moliyaviy ekotizimni xalqaro miqyosda yanada ochiq va raqobatbardosh qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.





